Ochiq muloqot yangi tashabbuslarga yo‘l ochadi
Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Begimova ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning fikri, tashabbusi va kelajak haqidagi qarashlari jamiyatdagi jarayonlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ayniqsa, talaba-yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiziqtirayotgan masalalarni o‘rganish va takliflarini eshitish yoshlar siyosatida amaliy ahamiyatga ega.

Tadbir davomida yoshlarning ta’lim olishi, kasbiy salohiyatini oshirishi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi, jamoat ishlaridagi ishtiroki va yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat jarayonida yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish bilan bir qatorda, ularning ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatini shakllantirish va tabiatni asrashga daxldor tashabbuslarda ishtirok etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Talaba-yoshlar ham muloqotda faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollarni o‘rtaga tashladi hamda fikr va takliflarini bildirdilar.

Ayniqsa, yoshlarning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi, o‘z bilim va qobiliyatini amaliyotda sinab ko‘rishi, dolzarb masalalarga befarq bo‘lmasligi yuzasidan bildirilgan fikrlar muloqotning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Ochiq suhbat shaklida o‘tgan uchrashuvda talaba-yoshlar kelgusidagi faoliyati uchun zarur bo‘lgan fikr va tavsiyalarga ega bo‘ldilar.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning qarashlarini eshitish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yoshlar bilan ishlashda ularning takliflarini inobatga olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri