Surxondaryoda mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Surxondaryo viloyatida ish qidirayotgan fuqarolarni munosib va doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash, aholi bandligini oshirish maqsadida yirik qurilish tashkilotlari ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasida viloyatda faoliyat yuritayotgan 15 ta qurilish tashkiloti o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbirga 3 mingga yaqin fuqaro jalb qilinib, ularga qurilish sohasidagi turli kasb va lavozimlar bo‘yicha ish o‘rinlari taklif etildi.
Yarmarka davomida ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlarining mehnat sharoiti, vazifalari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarning ming nafari mavjud ish o‘rinlariga nomzod sifatida ro‘yxatga olindi.
Qurilish sohasidagi ayrim vakansiyalar bo‘yicha 8 million so‘mdan 10 million so‘mgacha oylik maosh taklif etilmoqda. Bir qator lavozimlarga nomzodlardan oliy ma’lumot, tegishli kasbiy malaka, ish tajribasi va haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.
[gallery-31823]
Ayni paytda viloyatdagi qurilish tashkilotlari va yirik kompaniyalarda turli yo‘nalishlar bo‘yicha 2 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Mehnat yarmarkasi orqali ushbu vakansiyalar haqida aholiga bevosita ma’lumot berish, ish beruvchi va ish izlovchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish imkoniyati yaratildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga mavjud vakansiyalar, kasbiy talablar va ishga joylashish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Bu fuqarolarning o‘z bilim va ko‘nikmalariga mos ish o‘rinlarini tanlashiga imkon bermoqda.
Mehnat yarmarkalari aholi bandligini ta’minlash, ish izlayotgan fuqarolarni ish beruvchilar bilan bog‘lash, ularga munosib ish va barqaror daromad manbaini topishda amaliy ko‘mak berishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA