«Nurzot 2020» viloyatda birinchilardan bo‘ldi
Paxtachilikda natija, avvalo, yerga munosabat, mehnatga mas’uliyat va mavsumni to‘g‘ri tashkil etishga bog‘liq. Har bir nihol parvarishi ortida mashaqqatli mehnat, har bir tonna hosil zamirida esa fermerning yil davomidagi izlanishi va sa’y-harakatlari mujassam.
Boyovut tumanidagi «Nurzot 2020» fermer xo‘jaligi jamoasi bu yilgi paxta mavsumida ana shunday mehnatning munosib samarasini namoyon etdi. Xo‘jalik davlatga paxta xomashyosini topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini Sirdaryo viloyatida birinchilardan bo‘lib bajardi.
E’tiborlisi, fermer xo‘jaligi jami 14,7 gektar maydonda paxta yetishtirib, 87 tonna hosil topshirdi.
— Bu yil paxtaning Xitoydan keltirilgan «Shinjon» navini ekib, sinab ko‘rdik. O‘z vaqtida va sifatli bajarilgan mehnat, paxta parvarishi davomida qo‘llanilgan agrotexnik tadbirlar bugun o‘z samarasini berdi. Buning hisobiga har bir gektar yerdan o‘rtacha 59,2 sentnerdan hosil olishga erishdik. Hali dalalarda paxta mo‘l. Yig‘im-terim ishlari davom etyapti. Buning uchun barcha zarur resurslar yetarli, — dedi fermer xo‘jaligi rahbari Humoyun To‘raqulov.

Darhaqiqat, paxtachilikda yuqori natija bir kunlik mehnat bilan yaratilmaydi. Yerni tayyorlashdan tortib urug‘ni tanlash, ekinni parvarishlash, suv va ozuqa bilan ta’minlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, pishib yetilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olishgacha bo‘lgan har bir jarayon yakuniy natijaga ta’sir ko‘rsatadi.
Bu jihatlarni inobatga olgan «Nurzot 2020» fermer xo‘jaligi jamoasi paxta parvarishini agrotexnik talablar asosida tashkil etib, mavsumni yuqori ko‘rsatkichlar bilan boshladi. Yerga o‘z vaqtida ishlov berish, ekin parvarishiga mas’uliyat bilan yondashish va mavsum davomidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berdi.

Tuman hokimi Niyoz Xazratqulov fermer xo‘jaligida bo‘lib, mavsumni yuqori natija bilan yakunlagan xo‘jalik rahbarini samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda fermerning mehnatdagi fidoyiligi, yerdan samarali foydalanishi va yuqori hosildorlikka erishgani alohida e’tirof etildi.
Tuman hokimi tomonidan xo‘jalik rahbariga mehnatdagi tashabbuskorligi va munosib natijasi uchun esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri