Noshirlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etish masalalari muhokama qilindi
Poytaxtimizda noshirlik sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar vakillari ishtirokida nashr mahsulotlarini tayyorlash va tarqatishning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda noshirlik va kitob tarqatish sohasida davlat nazoratining asosiy vazifalari, amaldagi qonunchilik talablari, nashr mahsulotlarini tayyorlash va tarqatishda uchrayotgan kamchiliklar hamda ularning oldini olish choralari muhokama qilindi.
Seminarda soha sub’ektlari bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik normalarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash, qonunbuzilishlarning oldini olish va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda axborot sohasini huquqiy tartibga solish, axborot xavfsizligini ta’minlash va davlat nazorati tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 11-dekabrdagi «Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, axborot sohasidagi nazorat va monitoring funksiyalari Inspeksiyaga o‘tkazilgan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 24-iyulda qabul qilingan “Raqamli texnologiyalar sohasida strategik rejalashtirish hamda ushbu sohada davlat nazorati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Inspeksiyaga axborot materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizani tashkil etish vakolati berilgan.
Seminarda noshirlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi holati ham tahlil qilindi.
Ma’lum qilinganidek, joriy yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 688 ta noshirlik sub’ekti va 1 ming 891 ta matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Inspeksiya monitoringida 82 ta noshirlik sub’ekti tomonidan nashr etilgan 1 ming 347 nomdagi adabiyot o‘rganilib, jami 1 ming 362 ta qonunbuzilish holati aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning takrorlanishining oldini olish maqsadida noshirlik sub’ektlariga ko‘rsatma va ogohlantirish xatlari yuborilgan. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
[gallery-31353]
Muhokamalarda nashr mahsulotlarining mazmuni va texnik parametrlari ustidan ichki nazoratni kuchaytirish, tahrir va korrektura ishlarini sifatli tashkil etish, noshir, muallif va matbaa korxonasi o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, mualliflik huquqiga rioya qilish, boshqa shaxslarga tegishli matn, fotosurat, rasm, illyustratsiya, dizayn va boshqa materiallardan foydalanishda huquqiy asoslarni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Diniy mazmundagi nashrlarni tayyorlash va tarqatishda qonunchilik talablariga rioya qilish, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, axborot mahsulotlarida yoshga oid toifa belgilarini to‘g‘ri qo‘llash masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, amaliyotda uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi. Jarayonlarni soddalashtirish va raqamlashtirish, profilaktik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Seminar yakunida sohada eng ko‘p uchrayotgan kamchiliklar bo‘yicha amaliy tavsiyalar to‘plamini ishlab chiqish, qonunchilikni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan savollarga yagona tushuntirishlar bazasini shakllantirish hamda qonunbuzilishlarning takrorlanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash muhimligi ta’kidlandi.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA