Baliqchilikda imkoniyatlardan samarali foydalanish asosiy vazifa
Xalqimizda “Baliq – ko‘lning go‘shti, sog‘liqning do‘sti”, degan purma’no maqol bor. Darhaqiqat, baliq go‘shti inson salomatligi va uzoq umr ko‘rishi uchun eng foydali mahsulotlardan sanaladi. Shu bois, aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirish, narxlar barqarorligini ta’minlash ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning markazida turibdi. Yurtimizda baliqchilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, sohada hali ishga solinmagan katta rezervlar mavjud.
Prezidentimizning 2026-yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida Quyi Chirchiq tumanida baliqchilik xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev ishtirok etib, Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatida 580 ta baliqchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Seminarda ularning 300 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Muloqot davomida baliqchilik xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlashda, eng avvalo, aniq hisob-kitob va shaffoflikni ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, har bir xo‘jalikning suvga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojini aniqlash, suv olish hajmini shu asosda belgilash, yetkazib berilgan suv miqdorini hisobga olish va ushbu jarayonlarni tizimli nazorat qilish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.
Suvdan foydalanish jarayonlarini raqamlashtirish masalasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Jumladan, shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, zamonaviy suv o‘lchash vositalarini o‘rnatish, suv olish va yetkazib berish jarayonlarini raqamli tizim orqali nazorat qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu kabi yondashuvlar, bir tomondan, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, suv yetkazib berishdagi shaffoflikni oshirish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish va xo‘jaliklar uchun aniq hisob-kitob tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Seminarda sun’iy suv havzalarida intensiv usulda baliq yetishtirishni kengaytirish, mavjud suv resurslaridan bir necha bosqichda samarali foydalanish hamda baliqchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, suv bilan ta’minlash, suv olish hajmlarini belgilash, hisob-kitoblarni yuritish va zamonaviy suv o‘lchash vositalaridan foydalanish bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdi.

Yakunda baliqchilik xo‘jaliklarining suv ta’minoti bilan bog‘liq hisob-kitoblarni xatlovdan o‘tkazish, elektron shartnomalarni rasmiylashtirish, zamonaviy suv o‘lchash vositalarini joriy etish va nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
A.Musayev, O‘zA