Jadid saboqlari – milliy taraqqiyotning ma’naviy asoslari
So‘nggi yillarda jadidchilik harakati va uning namoyandalari merosini chuqur o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish hamda ularning tarixiy xizmatlarini munosib e’tirof etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu harakatlar tarixiy haqiqatni tiklash barobarida milliy taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, jamiyatda ilm-fan va ma’rifatga intilishni kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik, millatparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Jadid saboqlari” mavzusidagi seminarda jadidlar merosi, ularning milliy o‘zlikni anglash va zamonaviy taraqqiyot haqidagi qarashlari hamda bugungi islohotlar bilan hamohangligi muhokama qilindi.
Seminarda olimlar jadid bobolarimizning g‘oyalari Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan uyg‘un va hamohang ekani, ularning millatni ilm-ma’rifat orqali taraqqiy ettirish, milliy o‘zlikni asrash va zamon talablariga mos rivojlanishga erishish borasidagi qarashlari bugungi islohotlar bilan chambarchas bog‘liqligi qayd etildi.

Mamlakatimizda jadidlarning ma’naviy merosini tiklash va keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etilayotgani, jadidchilikka oid qo‘lyozma va manbalar raqamlashtirilayotgani, qatag‘on qurbonlari xotirasini tiklash, nohaqlik qurboni bo‘lgan ajdodlarimizning nomlarini oqlash borasidagi harakatlar tarixiy adolatni qaror toptirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Seminarda jadid bobolarimizning hayot yo‘li va faoliyatini chuqur o‘rganish, ularning ilmiy-ma’rifiy merosiga oid tadqiqotlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Tarixiy manbalar asosida yangi ilmiy izlanishlar olib borishda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash lozimligiga e’tibor qaratildi.
M.Komilova, O‘zA