Energetika sohasida xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama etildi
Energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yangi imkoniyatlarni ochadi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida Xitoyning Tyanszin qishloq xo‘jaligi universiteti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ana shu masalalar muhokama qilindi.
Muloqotda filialning Energetika texnoparki negizida litiy-ion batareyalar ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish va energetika sohasida innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Litiy-ion batareyalar ishlab chiqarishga investitsiyalarni jalb etish va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Eng muhimi, ushbu uchrashuv xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, shuningdek, energetika sohasiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri