Netanyaxu Berlindami?
Eron bilan keskinlashgan mojaro tufayli Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Berlinda yashiringani haqidagi axborot ijtimoiy tarmoqda keng tarqaldi. Bu da’vo hukumatning rasmiy samolyoti – “Sion qanoti” Brandenburg aeroportiga qo‘ngani bilan bog‘liq parvoz ma’lumotiga asoslangan.
Foydalanuvchilar Netanyaxu shu uchoqda bo‘lganini iddao qilib, Germaniyadagi maxfiy bunkerga yashirilganini ham yozishdi.
– Mazkur xabarlar, hatto, Berlinda norozilik namoyishi o‘tkazilishiga ham sabab bo‘ldi, – deb yozgan “Euronews” nashri.
Ayrimlar Germaniyani Xalqaro jinoiy sud orderiga muvofiq yahudiy davlati yetakchisini hibsga olmagani uchun ayblagan. Zero, Isroil Bosh vaziri “G‘azo sektoridagi urush jinoyati va insoniyatga qarshi jinoyatlar” bo‘yicha sud tomonidan qidiruvga berilgan. GFR esa, agar mamlakat hududiga kirsa, Netanyaxuni ushbu sud a’zosi sifatida hibsga olish majburiyatiga ega.
Shunga qaramay, yuqoridagi iddao tasdiqlanmagan. Parvoz kuzatuvi xizmati samolyot haqiqatan Isroildan uchib, Berlinga qo‘nganini ko‘rsatgan, uchoqda Netanyaxu bo‘lgani haqida esa hech qanday dalil yo‘q.
Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili samolyotda faqat ekipaj a’zolari bo‘lganini bildirdi.
Bosh vazir matbuot xizmati Tel-Avivdagi “Kirya” harbiy majmuasida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilishda hukmat rahbari ishtirok etgani aks etgan suratlarni tarqatdi. Keyinchalik Netanyaxu Eron raketa hujumi sodir bo‘lgan Beyt-Shemesh shahriga ham borgani ko‘ringan video lavhalar e’lon qilindi. Shu tariqa, uning Germaniyaga o‘tib ketgani haqidagi xabarlar asossizligi ayonlashdi.
Isroil hukumat samolyoti esa xavfsizlik nuqtai nazaridan harbiy to‘qnashuv davrida mamlakat havo hududidan vaqtincha olib chiqilishi amaliyoti avval ham kuzatilgan. Masalan, 2025-yil Eron ob’ektlariga zarba berila boshlangandan ko‘p o‘tmay, ayni shu uchoq Ben-Gurion aeroportidan ko‘tarilgan, 2024-yil ham Nevatim harbiy bazasidan xavfsiz hududga ko‘chirilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA