Navoiy viloyatida yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 88,5 foizga yetkaziladi
“Navoiy suv ta’minoti” AJda viloyat hokimligi axborot xizmati va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda “Navoiy suv ta’minoti” AJ direktori Otabek Zaripov aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mavjud infratuzilmani yangilash hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda 2017-yilda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 53,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyihalar va tizimli chora-tadbirlar natijasida 2026-yil yanvar holatiga ushbu ko‘rsatkich 87,9 foizga yetdi. Joriy yilda amalga oshirilayotgan dasturlar doirasidagi ishlar yakuni bilan esa ushbu ko‘rsatkichni 88,5 foizga yetkazish belgilangan.
– Bugungi kunda viloyatdagi mavjud 310 ta mahallaning 198 tasi to‘liq, 90 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan 22 ta mahallaga esa markazlashgan ichimlik suvi hali yetib bormagan. Ushbu markazlashgan ichimlik suvi hali yetib bormagan 22 ta mahallalar asosan dasht, tog‘ va tog‘ oldi hududlarda joylashganligi sababli texnik jihatdan tarmoq tortish imkoniyati yo‘qligi bois bu 22 ta mahallalarning 4 tasiga suv tashish texnikalari orqali suv yetkazilib beriladi. Qolgan 18 ta mahalla aholisi esa suvni tabiiy buloqlar, shaxsiy quduqlar orqali iste’mol qiladi, – dedi O.Zaripov.
Joriy yilda Davlat dasturlari doirasida respublika byudjetidan 176,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 466,4 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida 130 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, yillik rejaning 64 foizi bajarildi. Mazkur ishlar doirasida qariyb 200 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i qurildi, 3 ta suv inshootida qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Navoiy, Zarafshon shaharlari, Uchquduq tumani va Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘onidagi tortilganiga uzoq yillar bo‘lgan nosoz holatdagi ichimlik va oqova suv tarmoqlarini to‘liq rekonstruksiya qilib, yangisiga almashtirish belgilangan. Hozirda ushbu ob’ektlar yuzasidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari o‘rnatilgan tartibda ekspertiza xulosasini olish uchun tizimga kiritilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 2026-2027-yillarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan 100 tadan ortiq nasos agregati, 25 kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmog‘i va 2 kilometrga yaqin oqova suv tarmog‘i joriy hamda mukammal ta’mirdan chiqarildi. Natijada 55 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti va xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Suv ta’minoti tizimida “yashil” texnologiyalardan foydalanish ko‘lami ham kengaymoqda. Suv inshootlari hududlaridagi bo‘sh yer maydonlariga umumiy quvvati 2,5 MVt bo‘lgan quyosh elektr panellari o‘rnatildi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ushbu panellar orqali 1,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada jamiyatga 300 million so‘m miqdorida daromad olish imkoniyati yaratildi.
Navoiy viloyatida tajriba tariqasida ko‘p qavatli uyning 68 ta xonadoniga masofadan turib ichimlik suvini tarmoqdan uzish-yoqish va onlayn ma’lumot uzatish imkonini beruvchi suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Natijada mazkur xonadonlarda suv hisobi to‘liq raqamlashtirildi. Onlayn hisoblagichlar o‘rnatilishidan oldin 68 ta xonadonda 34 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ushbu qarzdorlik to‘liq undirildi va suv uchun to‘lovlarni oldindan amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Sohadagi islohotlarning muhim vazifalaridan biri moliyaviy intizomni mustahkamlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirish va korxonaning barqaror ishlashini ta’minlashdan iborat. 2026-yil 1-yanvar holatiga jamiyatda debitor qarzdorlik 21,4 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 18 milliard 411 million so‘mga tushirildi. Ya’ni yil boshiga nisbatan qarzdorlik 2 milliard 990 million so‘mga kamaydi.
[gallery-31952]
Iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni tartibga solish, qonun buzilishlarining oldini olish maqsadida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. 2026-yil davomida o‘tkazilgan o‘rganish va reyd tadbirlari natijasida 789 ta holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shundan 77 tasi ichimlik va oqova suv tarmoqlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, 712 tasi esa suv ta’minotidan foydalanish qoidalarini buzish holatlaridir.
Aniqlangan holatlarning 770 tasi aholi, 19 tasi yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ularga jami 683 million so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, shundan 482 million so‘mi undirildi.
Matbuot anjumanida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bo‘yicha tasdiqlangan tariflar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir so‘nggida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari