Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Navoiy davlat universiteti Tabiiy fanlar va tibbiyot fakulteti hamda “Navoiyazot” AJ hamkorligida dual ta’lim tizimi tashkil etilib, korxona negizida kafedra filiali ochildi.
Mazkur hamkorlik talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishiga keng imkoniyat yaratadi.

Dual ta’lim tizimi orqali talabalar universitetda olgan bilimlarini bevosita korxona sharoitida mustahkamlab, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish jarayonlari va soha mutaxassislarining ish tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kafedra filialining ochilishi esa ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi.
***
Xatirchi tumanida ijtimoiy xodimlarni yangi ijtimoiy xizmatlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mos xizmat turlarini to‘g‘ri belgilash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘rganish va tanishuv uchrashuvlari tashkil etildi.

Uchrashuvlar davomida ijtimoiy xodimlar “Erta aralashuv”, “Kunduzgi parvarish” va “Yangi kun” ijtimoiy xizmatlari faoliyati, ularning asosiy vazifalari, xizmat ko‘rsatish tartibi hamda ushbu xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan fuqarolar toifalari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, fuqarolarning individual ehtiyojlarini aniqlash, ularning holatidan kelib chiqib tegishli ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirish hamda manzilli qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
***
Navoiy shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Karmana tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi hamkorligida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda 16 ta oila bilan alohida suhbat, tushuntirish va yarashtirish ishlari olib borildi. Natijada 6 ta oila yarashtirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri