Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: siyosiy ishonchdan amaliy loyihalar sari
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi siyosiy muhit” mavzusida ekspertlik-diplomatik muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport bog‘liqligini rivojlantirish hamda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov 2016-yildan beri mintaqada shakllangan yangi siyosiy muhit, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tiklaganini ta’kidladi. Uning fikricha, endilikda ushbu jarayonni iqtisodiy bog‘liqlik va qo‘shma loyihalar orqali mustahkamlash zarur.
Bu borada davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvlari dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish, pozitsiyalarni yaqinlashtirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashda alohida amaliy ahamiyatga ega.
Javlon Vahobov bugungi bosqichda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda faqat umumiy pozitsiyalarni kelishib olish bilan cheklanmasdan, sanoat kooperatsiyasi, transport yo‘laklari va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Buning uchun hamkorlikning huquqiy va amaliy mexanizmlarini takomillashtirish ham talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar hamda Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning istiqbollari haqida fikr bildirgan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Rashad Mamedov Markaziy Osiyo Ozarbayjon uchun shunchaki qulay geografik makon emas, umumiy imkoniyat va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga ega mintaqa ekanini qayd etdi.
Diplomatning ta’kidlashicha, oliy darajadagi siyosiy muloqot davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va maqbul yechimlarni birgalikda izlash uchun sharoit yaratadi. Ozarbayjonning mintaqaviy hamkorlik formatlariga qo‘shilishi esa mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Rashad Mamedov Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon ishtirokidagi olti tomonlama hamkorlik formatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu mexanizm mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va amaliy loyihalarni ilgari surishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Elchi transport bog‘liqligini mustahkamlashni hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Uning qayd etishicha, davlatlarning geografik joylashuvi transkontinental transport aloqalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Bunda xalqaro transport yo‘nalishlarini kengaytirish, port infratuzilmasining o‘tkazuvchanlik salohiyatini oshirish, temir yo‘l va boshqa transport yo‘llarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, diplomat mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdi. Qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik ham istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.
[gallery-32277]
Dilshod HAKIMOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA