Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan kuni Shimoliy kon boshqarmasida “O‘zbek tilida to‘g‘ri yozamiz!” shiori ostida test marafoni o‘tkazildi.

Ushbu tadbir yoshlarning ona tilimizga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish, ularning savodxonligini mustahkamlash, imlo qoidalariga rioya etish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda o‘zbek tilining boyligi va betakrorligini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi.
Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Qiziltepa tumani Xalq qabulxonasida Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Toshtemirov ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, fuqarolarning muammolarini joyida o‘rganish va hal etish maqsadida o‘tkazilgan qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslar vakillaridan 9 nafarining murojaatlari tinglanib, har bir masala yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabulda asosan aliment qarzdorliklarni undirish, taqiqni bekor qilish, qarz undirish hamda boshqa ijro harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ularni belgilangan muddatlarda qonuniy hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
***
Navoiy viloyatida tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi raisi kubogi” uchun sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, ommaviy sportni rivojlantirish hamda jamoalar o‘rtasida do‘stona muhit va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan bellashuvlarda 300 nafarga yaqin tibbiyot va farmatsevtika xodimi mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medallar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri