Elektr ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
Farg‘ona viloyati muxbiri "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari" AJ bosh direktori Azizbek Saydaliyev bilan suhbatda hududda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
– Aytingchi, 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi?
– Joriy yilda 303,9 mlrd so‘m evaziga 562,4 km elektr tarmog‘i va 221 ta transformator punktlari yangidan qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Bugungacha 390,7 km elektr tarmog‘i va 166 ta TP qurildi. Shuningdek, 4 ta yangi podstansiyalar qurib bitkazildi.
Ahamiyatlisi shundaki, joriy yilda davlat dasturlari doirasida podstansiyalardagi mavjud kuch transformatorlari o‘rniga 9 ta yangi kuch transformatorlari almashtiriladi. Ularning quvvati 10-16 ming kVAni tashkil etadi. Bundan tashqari, zo‘riqish bilan ishlab kelgan podstansiyalardagi 17 ta kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirilishi hisobiga mazkur podstansiyalarda qo‘shimcha 93 megabayt quvvat zaxirasi yaratiladi.
Tuman va shahar hokimliklari tomonidan ham 137 ta MFY hududida 165 ta turli quvvatdagi transformatorlar o‘rnatildi. Natijada 100 ming aholi xonadoni va 5000 tadbirkorlik sub’ekti hamda ijtimoiy soha ob’ektlari elektr ta’minoti yaxshilandi.
– Farg‘ona tumanida Yangiyo‘l tajribasi qo‘llanmoqda. Natijalar qanday? Nega Farg‘ona tumani tanlandi? Yangiyo‘l tajribasi bo‘yicha nimalar qilindi?
– Farg‘ona tumanidagi 71 ta mahallada elektr tarmoqlari xatlovdan o‘tkazildi va uning 497,2 km qismi ta’mirtalab ekani aniqlandi. Hozircha 129,2 km elektr tarmog‘i mukammal ta’mirlandi. Tumandagi 936 ta transformator punktining 537 tasi ta’mirlanishi lozim bo‘lsa, 491 tasida joriy ishlar tugatildi.
ASKUE tizimiga mos bo‘lmagan hisoblagichlar soni 1208 tadan 157 taga kamaytirilib, 1051 ta hisoblagich bo‘yicha muammo bartaraf etildi. Tumanda 2026-yil yanvar-sentabr oylarida elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,8 foizni tashkil etgan. Hozirda u kundan kunga kamaytirib borilmoqda. Farg‘ona tumanida jami 208 mlrd so‘mlik qayta qurish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi lozim.
– So‘xda ulkan loyihalar ustida ish boshlangan. Ular nima beradi, nimalar o‘zgaradi, qanday imkoniyatlar yaratiladi?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi So‘x tumanini 2026-2028-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 258-sonli qarori bilan elektr tarmoqlarini yangilash ishlari davom etmoqda. Mazkur qaror bilan 19,9 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 2026-2027-yillar davomida 52,3 km elektr tarmoqlari va 17 ta transformator punktlari hamda So‘x podstansiyasidagi 2 ta kuch transformatorlarini yangilash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda So‘x tumanida ishlar jadallik bilan olib borilmoqda va 1 330 ta temir beton tayanchlari o‘rnatildi hamda 26,5 km elektr tarmoqlari tortildi. 4 ta transformator punktlari yangitdan o‘rnatildi.
So‘x podstansiyasi uchun 2 ta kuch transformatorlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Mazkur ishlar amalga oshirilishi natijasida 5000 mingta aholi xonadoni va 1000 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari elektr ta’minoti yaxshilandi.
– Muqobil energiya ishlab chiqarish loyihalari shov-shuv bo‘lgandi. U nima bo‘ldi? Loyiha davom etyaptimi?
– Joriy yilda viloyatning yillik elektr energiyasi iste’moli 7,3 mlrd kVt soatga yetishi kutilmoqda. U 2025-yilda 7,2 mlrd kVt soat, 2024-yilda 7 mlrd kVt soatni tashkil etgan.
Men bu raqamlarni aytishimdan asosiy maqsad, so‘ngi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yildan yilga ortib bormoqda. Lekin raqamlarda esa bunday emas. Buning asosiy sabablaridan biri viloyatimizda muqobil energiya quvvatlaridan keng foydalanilayotganidir.
O‘tgan davrda viloyatda 195,4 MVt quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatildi va viloyatning 4 foiz (280 mln.kVt.soat) miqdorida elektr energiyasi iste’molini qoplayapti.
Bundan tashqari, aholi ulgurji iste’molchilar tomonidan ehtiyojidan orttirilgan qismini elektr tarmoqlariga uzatmoqda va buning evaziga daromad ham qilmoqda. Misol uchun joriy yilning o‘zida quyosh panelini o‘rnatgan sub’ektlarga 71,1 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berildi
– O‘zbekiston tumanidagi elektr quvvatini saqlagich “ombor” kutilgan natija berdimi? Istiqboli bormi?
– 2024-yilning dekabr oyida Xitoyning “Sangrov” kompaniyasi tomonidan 150 MVtli 300 MVt soat elektr energiyasini saqlash stansiyasi ishga tushirildi. Uning qiymati 144 mln dollarni tashkil etadi. Ha, albatta, u O‘zbekiston tumani hamda unga tutash tumanlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplashga xizmat qilib kelmoqda.
U elektr energiyasiga talab kam bo‘lgan davrda quvvatlanib, talab ortgan davrda tizimga qayta uzatiladi. Ya’ni tig‘iz davrda iste’molchilarga kafolatlangan sifatli elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
– Elektr quvvatidan foydalanuvchi iste’molchilarga mutaxassis sifatida qanday maslahat berasiz?
– Elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalaning, uni isrof qilmang va har bir birligini qadrlang.
Elektr energiyasini tejash orqali oilaviy byudjetingizni asrang va yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shing.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA