National News Pakistan: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda turizm bo‘yicha yetakchi
Pokistonning "National News Pakistan" nashri O‘zbekistonning Markaziy Osiyo turizm bozoridagi o‘rni haqida material e’lon qildi.
Nashr Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi Sayohat va turizmning iqtisodiy ta’sirini o‘rganish hisobotida keltirilgan ma’lumotga tayanib, Markaziy Osiyo 2025-yil dunyo bo‘ylab turizm eng tez rivojlangan mintaqa bo‘lganini qayd etgan.
Ya’ni, 2025-yil sayohat va turizm sohasining Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga umumiy hissasi 17,7 foiz, bevosita hissasi esa 19,6 foiz oshgan. Xorijiy sayyohlar xarajati 9,9 milliard dollarga yetgan.
“National News Pakistan” mamlakatimiz mintaqadagi asosiy turizm yo‘nalishiga aylanganini ta’kidlab, 2025-yil Markaziy Osiyodagi turizm eksportining qariyb yarmi – 4,8 milliard dollari respublikamiz hissasiga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratgan.
Bunday yetakchilik mavqei mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, mintaqa aholisi uchun jozibador sayyohlik yo‘nalishiga aylangani bilan izohlanadi. Markaziy Osiyoda yagona turizm makonini shakllantirish g‘oyasi ham ulkan salohiyatga egaligi qayd etiladi. Chegara tartibini soddalashtirish, havo qatnovi va transport infratuzilmasini kengaytirish, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish hamda mintaqani yagona turistik hudud sifatida targ‘ib qilish xalqaro sayyohlar oqimini oshirishi mumkinligi ta’kidlanadi.
WTTC xulosasiga ko‘ra, 2025-yil mintaqamiz turizm xarajatining 64,3 foizi xorijiy sayyohlar, 35,7 foizi esa ichki turizm hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tashkilot 2036-yilga borib sohaning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umumiy hissasi 29,7 milliard dollarga yetishini taxmin qilgan.
D.Hakimov, O‘zA