Hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda.
“AzerTAJ”: O‘zbekiston va Ozarbayjon — ittifoqchilik munosabatidan integratsiya sari

Ozarbayjonning AzerTAJ axborot agentligi Toshkentda nashr etiladigan “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy jurnalida chop etilgan “O‘zbekiston va Ozarbayjon: ittifoqchilik munosabatlaridan integratsiya sari” sarlavhali maqolani chop etdi.
Qayd etilishicha, ikki qardosh davlat munosabati strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilib, sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Hamkorlik endi nafaqat o‘zaro aloqa, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi integratsiya jarayonining muhim tayanchi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo aylanmasi 795,2 million dollarga yetgan. Bu 2016-yilga nisbatan 37,5 barobar, 2024-yilga nisbatan esa 3,1 barobar ko‘p. Tomonlar 2030-yilga qadar o‘zaro savdo qiymatini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Shuningdek, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi ikki mintaqa uchun umumiy makon shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholangan. Bu jarayon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
“Sinxua”: Si Szinpin diplomatiyasida sivilizatsiyalar muloqoti – Buxoro misoli

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi Si Szinpin diplomatiyasidagi turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro anglashuv masalasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Materialda Xitoy rahbarining turli davlatlarga tashrifi davomida mahalliy madaniyat va an’analarga e’tibor qaratishi misollar bilan yoritilgan. Jumladan, O‘zbekistonning Buxoro shahriga 2016-yildagi tashrifi ham sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot namunasi sifatida tilga olingan.

Nashr Buxoroni “Buyuk Ipak yo‘li tirik yodgorligi” sifatida ta’riflab, Si Szinpinning shahardagi hunarmandlik buyumlariga jiddiy qiziqish bildirganini qayd etgan.
“Sinxua”ga ko‘ra, Buxoroda hunarmand Anvar Qurbonov Si Szinpinning mahalliy hunarmandlik mahsulotlarini diqqat bilan ko‘zdan kechirganini eslab, uning madaniyatni tushunishi va hurmat qilishiga e’tibor qaratgan. Shundan so‘ng Buxoroga chinlik sayyohlar oqimi ortgan.
Maqolada Xitoyning turli sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va o‘zaro o‘rganishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan madaniy va sayyohlik almashinuvi, arxeologik tadqiqot hamda mumtoz asarlar tarjimasi kabi tashabbuslari haqida ham so‘z yuritilgan.
“Trend”: O‘zbekiston 2030-yilgacha SI bo‘yicha dunyoning ilg‘or 50 davlati qatoriga kirishni maqsad qilgan

Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi maqsad va rejalari haqida xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2030-yilgacha Global sun’iy intellektga tayyorlik indeksida dunyoning eng yaxshi 50 davlati qatoriga kirish va SI asosidagi dasturiy mahsulot hamda xizmat qiymatini 1,5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Qayd etilishicha, hozir O‘zbekiston xalqaro SIga tayyorlik reytingida 62-o‘rinni egallab turibdi. Belgilangan maqsadga erishish uchun hisoblash infratuzilmasini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, qiymati 24 million dollarlik klasterga qo‘shimcha 70 million dollar ajratish taklif etilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Jahon SI hamkorligi tashkilotidagi ishtiroki ilg‘or texnologiya, til modeli va raqamli transformatsiya yechimi joriy etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda foydalanilishi ta’kidlangan.
Maqolada O‘zbekistonning mazkur platforma orqali xorijiy texnologiya kompaniyalari bilan qo‘shma loyiha amalga oshirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash rejasi borligi qayd etilgan.
“Anadolu”: O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi YUNESKO merosi ramziy inshootlari qatorida

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyida amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanish ishlari haqida maqola e’lon qildi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 1876-yil tashkil etilgan, yurtimizning eng qadimiy muzeyi hisoblangan muassasada ekspozitsiya maydoni, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoit hamda raqamli infratuzilma to‘liq yangilangan.
Qariyb 250 000 eksponat saqlanadigan majmuada raqamli hikoya tizimi, multimedia ilovalari, inter faol tajriba maydoni va zamonaviy ekspozitsiya usulidan foydalanilgan. Maqolada YUNESKO Jahon merosi qo‘mitasining 2026-yil 27-iyulda Toshkentdagi modernistik me’morlik namunalarini Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qarori ortidan O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi ham mazkur meros hududining e’tiborga molik inshootlaridan biri sifatida xalqaro e’tirofga ega bo‘lgani qayd etilgan.
Muzeyni yangilash loyihasi doirasida nafaqat ko‘rgazma zallari, balki tashrif buyuruvchilar harakatlanish yo‘nalishlari, raqamli kontent va ta’lim maydonlari ham qayta ishlangan. Tarixiy eksponatlarni raqamli texnologiya bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratilgan, biroq texnologiya eksponatdan ustun kelishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Majmua rahbari Jannat Ismoilova ham raqamli texnologiya va inter faol dastur muzeyni faqat eksponat namoyish etiladigan maskan emas, balki madaniyat va ta’lim markaziga aylantirganini ta’kidlagan.
Dilshod Hakimov, O‘zA