Natijadan muhimroq tarixiy ishtirok va milliy birdamlik
Germaniya poytaxti Berlin shahridagi O‘zbekiston elchixonasida futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati doirasida tadbir tashkil etildi. Bu haqda elchixona axborot xizmati xabar berdi.
Unda Germaniya jamoatchiligi, ishbilarmon doiralar, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bir maydonda jam bo‘ldi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Portugaliya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni jamoaviy tomosha qilish jarayonida milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatladi.
Tadbir O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazildi.
Uchrashuv natijasidan qat’i nazar, kechaning asosiy mazmuni O‘zbekiston futboli tarixidagi eng muhim voqealardan biri milliy terma jamoaning jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotganini birgalikda nishonlashga qaratildi.
Tadbirni ochib bergan mamlakatimiz elchisi O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishi mamlakat sporti tarixidagi unutilmas sahifa ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Yangi O‘zbekistonda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar bugungi tarixiy natijaning mustahkam asosiga aylandi.
Kecha davomida “O‘zbek futboli: orzu, sabr va g‘urur tarixi” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir yakunida esa ishtirokchilar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Germaniya Bundestagining Germaniya-Markaziy Osiyo parlament guruhi rahbari Kristian Gyorke:
– O‘zbekiston elchixonasi hamda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir juda yuqori saviyada o‘tdi. Aytish kerakki, ushbu tadbir haqiqiy yozgi bayramga aylanib ketdi – ajoyib ob-havo, ko‘tarinki kayfiyat va qiziqarli futbol uchrashuvi.
Afsuski, O‘zbekiston terma jamoasi mag‘lubiyatga uchradi, ammo hali umid bor. Men uchun bu kecha o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega, chunki kamina Germaniya-Markaziy Osiyo parlament guruhi rahbariman. Shuning uchun, men sizning milliy terma jamoangizga muxlislik qildim. Zero, O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ilk bor ishtirok etmoqda.
Umuman olganda, bizga fuqarolik jamiyati va iqtisodiyot kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish zarur. Bu borada, afsuski, Germaniyada vizalar bilan bog‘liq murakkab tartiblar mavjud. Shu sababli, vizalarni yengillashtirish, ayniqsa, fuqarolik jamiyati vakillari, ishbilarmonlar va hamkorlik aloqalari ishtirokchilari uchun muhim ahamiyatga ega. Bularning barchasi hozirgi murakkab xalqaro sharoitda o‘zaro yaqin munosabatlar o‘rnatishga xizmat qiladi.
Shisha idishlar ishlab chiqarish korxonasi rahbari Peter Rayx:
– Albatta, biz futbol sabab bu yerga yig‘ildik, ammo natija eng asosiy masala emas. Futbol – bu o‘yin. Muhimi, bugun biz ko‘plab yaxshi insonlar bilan muloqot qildik. O‘zbek-nemis do‘stligi bugun yana bir qadam oldinga siljiganiga ishonchim komil. Barchamiz bir joyda yig‘ilib, do‘stona muhitda suhbatlashganimiz juda quvonarli bo‘ldi. Elchixona rahbariyatiga va ushbu tadbirni tashkil etgan barcha insonlarga katta rahmat.
Men o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihalar ustida ishlab kelyapman. Hozircha, ochig‘ini aytganda, kutilgan darajada katta natijalarga erishmadik, ammo men optimist bo‘lib qolaman. Davlatlarimiz o‘rtasida hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar va imkoniyatlar ko‘p. Bizda yaxshi g‘oyalar bor, O‘zbekistonda ham men taniydigan juda yaxshi va tashabbuskor insonlar bisyor.
Iyul oyida yana O‘zbekistonga safar qilishni rejalashtiryapman. Maqsadimiz – mavjud imkoniyatlarni amaliyotga tatbiq etish, O‘zbekistonda yangi sanoat yo‘nalishlarini rivojlantirish, ichki bozor va eksport uchun mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Buning uchun mamlakatingizda barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Biz tadbirkorlar o‘zaro yanada faolroq ishlashimiz zarur va vaqti kelib mavjud loyihalarimizni amalga oshirishimizga umid qilaman.
Markaziy Osiyo bo‘yicha jurnalist-ekspert Kristian Grosse:
– O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekiston va Portugaliya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etayotganimdan mamnunman.
Albatta, O‘zbekiston terma jamoasi uchun bu oson uchrashuv bo‘lmadi. Shunga qaramay, jamoaning jahon chempionatida ishtirok etgani tarixiy yutuqdir. Shu munosabat bilan butun O‘zbekiston xalqini tabriklayman. Ishonamanki, O‘zbekiston terma jamoasi kelgusi chempionatlarda ham munosib ishtirok etadi. Chunki jamoada katta salohiyat va rivojlanish imkoniyatlari mavjud.
Futbol xalqlar va madaniyatlarni birlashtiradi. Bugungi tadbir ham O‘zbekiston elchixonasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA