MDH maydonida O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligi
O‘zbekistonning MDH maydonidagi eng yaqin va istiqbolli sheriklaridan biri Qirg‘iziston hisoblanadi. Bu hamkorlik xususiyati faqat tashqi savdo yoki qo‘shnilik bilan cheklanmaydi.
Toshkent va Bishkek munosabati chegara, suv-energetika, transport, sanoat kooperatsiyasi, chegara oldi iqtisodiyoti, turizm va gumanitar almashinuv kabi bir-biriga chambarchas bog‘liq masalalarni qamrab olgan. Shu bois mazkur aloqalarni shunchaki ikki tomonlama munosabat emas, balki Markaziy Osiyo integratsiyasining amaliy sinov maydoni sifatida baholash o‘rinli.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo barqaror o‘sishda davom etyapti. So‘nggi sakkiz yil qo‘shni davlatlar bilan tovar aylanmasi 3,5 barobar o‘sib, qariyb 13 milliard dollarga yetdi. Mintaqaviy ko‘rsatkichning salmoqli qismi aynan Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keladi. Zero, aynan shu davrda doimiy savdo va transport aloqalari tiklangan.
Milliy statistika qo‘mitasi 2025-yil yanvar oyida MDH davlatlari bilan tashqi savdo tuzilmasida Qirg‘iziston ulushini 3 foiz ko‘rsatgan. Bu raqam Rossiya yoki Qozog‘iston bilan solishtirganda kichik ko‘rinishi mumkin, ammo munosabatning asosiy xususiyati miqdor emas, chegara oldi iqtisodiyoti va yuqori aylanma tezligida. 2026-yil 2-fevral holatiga ko‘ra, yurtimizda qirg‘iz kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 344 taga yetgani rasman qayd etilgan.
O‘zaro munosabatda sanoat kooperatsiyasi alohida yo‘nalishga aylangani o‘tgan yil rasmiy axborotida yaqqol ko‘rinadi. 2025-yil 10-iyunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Kasimaliyevni qabul qilganda savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hududlararo aloqa va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Muloqot davomida energetika va transport kommunikatsiyasi sohasidagi yirik mintaqaviy loyihalar, jumladan Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini jadallashtirish zarurligiga urg‘u berilgan.
Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi tizimidagi savdo vakolatxonasi axboroti ham amaldagi kooperatsiya faqat bayonot emasligini ko‘rsatadi. Masalan, o‘tgan yil 23-mayda Qirg‘iz Respublikasining diyorimizdagi savdo vakolatxonasi o‘zbek kompaniyasi “Nosirxon – Muslim” bilan polietilen chiqindisini granulaga qayta ishlash tizimi yaratish bo‘yicha investitsiya loyihasini kelishib olgan. Bu kichik misol muhim tendensiyani ta’kidlaydi: endi jarayon tayyor tovar savdosidan Qirg‘iziston hududida o‘zbek kapitali yoki texnologiyasi ishtirokida qayta ishlash quvvati yaratishga ko‘chmoqda.
Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi yana bir muhim xabar e’lon qildi: O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi Prezident Sadir Japarovning o‘lkamizga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” asosida eksport to‘siqlarini bartaraf etish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash ustida ishlayapti. 2025-yil iyulda vazirlik o‘zaro savdo hajmini bosqichma-bosqich oshirish, to‘siqlarni bartaraf etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish rejasini ilgari surdi.
Ikki tomonlama munosabatning strategik o‘zagi transport masalasi hisoblanadi. Bu jabhada asosiy voqea Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lidir. 2024-yil 27-dekabrda Prezidentimiz mazkur temir yo‘l qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. 2025-yil sentabrda Xitoy bilan muzokarada mazkur temir yo‘l Yevrosiyoda yangi transport va tranzit kommunikatsiyasi tizimining muhim zanjiri ekani qayd etildi.
Mazkur loyiha bir necha jihati bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, Qirg‘izistonni ichki tog‘li iqtisodiyotdan mintaqaviy tranzit zanjiriga yanada chuqurroq integratsiya qiladi. Ikkinchidan, O‘zbekiston uchun Sharqiy Osiyoga chiqishda yangi, qisqa va strategik yo‘l paydo bo‘ladi. Uchinchidan, temir yo‘l barpo etilishi chegara oldi hududlari iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqaradi. Logistika, ombor, qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish va chegara infratuzilmasiga yangi talab paydo bo‘ladi. Shu ma’noda mazkur tashabbus ikki davlat munosabatida shunchaki transport loyihasi emas, balki kelgusi o‘n yillikdagi iqtisodiy rivojlanishning asosiy manzarasidir.
Energetika va suv masalasi tarixan muhim soha. Shuning uchun ayni yo‘nalishdagi ijobiy siljish ikki tomonlama ishonch darajasini ko‘rsatuvchi muhim indikator hisoblanadi. 2022-yil Andijondagi Kampirobod suv ombori resursini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilinishi bilan shu yo‘nalishdagi sheriklikka huquqiy asos yaratildi. 2025-yil esa Prezidentlar va hukumat rahbarlari muloqotida suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi.
Tahliliy jihatdan qaralsa, suv-energetika sohasidagi bu o‘zgarish siyosiy emas, iqtisodiy mantiqqa ham ega. Qirg‘iziston uchun gidroenergetika eksport va ichki quvvat masalasi, O‘zbekiston uchun esa mavsumiy elektr muvozanati, suv ta’minoti va mintaqa energetikasi rivoji uchun barqarorlik, demakdir.
Xullas, endi O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun asosiy maqsad muammolarni hal qilish emas, balki bartaraf qilingan siyosiy masalalarni iqtisodiy qiymat, sanoat kooperatsiyasi, transport infratuzilmasi va resurs almashinuviga aylantirish. Hozir Toshkent va Bishkek umumiy taraqqiyot yo‘lining aynan shu bosqichida dadil odimlamoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA