Namanganda yurak jarrohligi bo‘yicha noyob amaliyot o‘tkazildi
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida yurak-qon tomir kasalliklarini davolash borasida yana bir muhim qadam tashlandi. Bu yerda respublika hududiy tibbiyot muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib aorta qopqog‘ini kateter orqali almashtirish amaliyoti (“TAVI”) muvaffaqiyatli bajarildi.
Ushbu yuqori texnologiyali operatsiya aorta qopqog‘ining og‘ir darajada torayishi – aortal stenoz tashxisi qo‘yilgan bemorda amalga oshirildi. Amaliyot Qozog‘iston Milliy kardioxirurgiya ilmiy markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari doktori Abdurashid Musayev boshchiligidagi mutaxassislar hamda namanganlik kardiolog-shifokorlar hamkorligida o‘tkazildi.

– Aortal stenoz yurakning asosiy qon tomiriga chiqish qismida joylashgan qopqoqning torayib qolishi bilan kechadigan og‘ir kasallik hisoblanadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov. – Ilgarilari bunday bemorlarga ko‘krak qafasini ochib, sun’iy qon aylanishi sharoitida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilar edi. Sohamizga kirib kelgan yangi “TAVI” usuli esa kateter yordamida, asosan son arteriyasi orqali kirib borgan holda shikastlangan qopqoqni almashtirish imkonini beradi.
Viloyat kardiologiya markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (“PhD”) Akmaljon Jalilovning qayd etishicha, “TAVI” usulining asosiy afzalliklari bemor organizmiga kam shikast yetkazishi, operatsiyadan keyingi tiklanish davrining qisqarishi va yuqori xavf guruhiga kiruvchi bemorlarda ham samarali qo‘llanilishi bilan ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, oldin bunday amaliyotlar asosan xorijiy va poytaxtdagi tibbiyot markazlarida amalga oshirilardi. Endilikda esa yuqori texnologiyali amaliyotlarni viloyatning o‘zida bajarish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Bu aholi uchun ham vaqt, ham mablag‘ tejalishiga xizmat qiladi.

Qozog‘istonlik kardiojarroh Abdurashid Musayevning e’tirof etishicha, Namangandagi tibbiy kardiologik markaz zamonaviy angiografik qurilmalar, diagnostika uskunalari va operatsiya uchun zarur bo‘lgan barcha texnik vositalar bilan ta’minlangan. Eng muhimi, bu yerda bilimli va izlanuvchan mutaxassislar jamoasi shakllangan. Bugungi amaliyot hamkorlikdagi ishlarning amaliy natijasi bo‘lib, kelgusida bunday operatsiyalar soni yanada ortishi shubhasiz.

“TAVI” amaliyotining yurtimizda birinchilardan bo‘lib Namanganda yo‘lga qo‘yilishi viloyatda kardiojarrohlik xizmatini yangi bosqichga olib chiqadi. Asosiysi, og‘ir yurak kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar endilikda yuqori texnologiyali tibbiy yordam – ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni o‘z hududida olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.