Namanganda yirik miqdordagi sifatsiz dori vositalari yo‘q qilindi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash, shuningdek, muomaladan chiqarilishi lozim bo‘lgan mol-mulklarni belgilangan tartibda tasarruf etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Byuroning Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatlari doirasida musodara qilingan, muomalaga kiritilishi mumkin bo‘lmagan, saqlash va realizatsiya qilish uchun belgilangan talablarga javob bermaydigan hamda yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan 1 ming 179 turdagi dori vositalari aniqlangan.
– Sifatsiz dori vositalarining umumiy qiymati 3 milliard 200 million so‘mni tashkil etgan. O‘rganishlar va tegishli tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng, ushbu dori vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Shunga ko‘ra, mingdan ziyod dori vositalari belgilangan tartibda yo‘q qilindi. Bunday tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, sifati va qonuniy muomalasi kafolatlanmagan dori vositalarining qaytadan muomalaga kirib ketishining oldini olish hamda sud hujjatlarining ijrosini amalda ta’minlashdan iborat.

Majburiy ijro byurosi tomonidan bu kabi amaliy sa’y-harakatlar qonunchilik talablari asosida, mas’ul tashkilotlar ishtirokida va belgilangan tartib-taomillarga qat’iy rioya etgan holda olib borilmoqda.

Namangan viloyatida ijro hujjatlarining o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.