Kelgusi yilgi hosil uchun 300 ming tonnaga yaqin urug‘lik g‘alla jamg‘arildi
Ma’lumki, g‘alladan yuqori hosil olish — sifatli, kasallikka chidamli va iqlimga mos urug‘likni to‘g‘ri tanlash hamda ekishga tayyorlashga bog‘liq. Bug‘doy urug‘ligining sifati sog‘lom nihollar o‘sib chiqishi va donning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi.
Mamlakatimizda kelgusi yil hosili uchun sifatli urug‘lik g‘alla zaxirasini shakllantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda va urug‘lik g‘alla jamg‘arish ko‘rsatkichlari tahlili ham ijobiy natijalarni bermoqda.
Xususan, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda 238 ming 788 tonna urug‘lik g‘alla jamg‘arilgan bo‘lsa, joriy yilda 265 ming 873 tonna urug‘lik yig‘ildi. Jamg‘arilgan urug‘lik g‘alla hajmi hududlar kesimida ham salmoqli ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarda kelgusi mavsum uchun zarur urug‘lik bazasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi. Ayni paytda jamg‘arilgan urug‘lik g‘allani sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha nazoratdan o‘tkazish, tozalash, saralash va belgilangan tartibda saqlash ishlari davom ettirilmoqda.
Kelgusi yil hosili uchun yetarli miqdorda va yuqori sifatli urug‘lik zaxirasining shakllantirilishi g‘allachilikda barqaror hosildorlikni ta’minlash hamda fermer xo‘jaliklarini sifatli urug‘lik bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA