Namanganda nodavlat notijorat tashkilotlariga e’tibor qanday?
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan, Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining hududiy bo‘linmalarini va mahalliy byudjetdan subsidiya oluvchi bir qator nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati bo‘yicha yakuniy hisobotlarini eshitib borish belgilangan.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Namangan viloyati bo‘linmasi hamda mahalliy byudjetdan davlat subsidiyasi oluvchi tashkilotlarning 2026-yilning o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari eshitildi.
O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov olib borgan yig‘ilishda fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash hamda ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, parlament huzuridagi jamoat fondining Namangan viloyati bo‘linmasi tomonidan viloyatdagi subsidiya oluvchi tashkilotlar — viloyat nogironlar jamiyati, ko‘zi ojizlar jamiyati, karlar jamiyati hamda nogironlar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limlarining ustav faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan davlat subsidiyalari ajratilib, ularning aholiga ko‘rsatayotgan ijtimoiy xizmatlari samaradorligini oshirishga ko‘mak berilmoqda.
Jumladan, bevosita nogironligi bor hamda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda muhofaza qilishga yo‘naltirilgan nodavlat sektor vakillariga joriy yilning o‘zi uchun viloyat byudjeti hisobidan 4,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Bu o‘z navbatida, jamiyatlar a’zolarining yashash sharoitlarini yaxshilash, o‘ylantirgan dolzarb muammolarini hal etish, ular qoshidagi ishlab-chiqarish korxonalari faoliyatini kuchaytirish singari xayrli maqsadlarga sarflandi.

Azimjon Zoyilov rahbarligidagi viloyat nogironlar jamiyati faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqidiy ko‘rib chiqilib, uning raisiga mas’uliyatni oshirish, jamiyat ishini tubdan o‘zgartirish lozimligi qayd etildi.

Aksincha, Komiljon Sheraliyev raisligidagi viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati faqatgina davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan madadning o‘ziga tayanib qolmasdan, jamiyat a’zolarini moddiy-ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar hisobidan daromad manbalariga ega bo‘layotgani e’tirof etildi.
Prezidentimizning 2024-yil 26-avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi. Mazkur hujjat asosida nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat grantlari, davlat subsidiyalari va davlat ijtimoiy buyurtmalari orqali qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengaytirildi. Tanlov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligi ta’minlanib, barcha loyihalar ngo.gov.uz elektron platformasi orqali qabul qilinmoqda.

Qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlarini hududlarda dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishga faol jalb qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va uning Namangan viloyati bo‘linmasi tomonidan "Namangan viloyatidagi ijtimoiy muammolarni hal etishga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish" mavzusida birinchi davlat granti tanlovi e’lon qilindi.

Tanlov doirasida Chust tumanidagi G‘ovasoy sohili mahallasi hududidan o‘tuvchi kanalga ko‘prik qurishga ko‘maklashish; Kosonsoy tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabi sinfxonalarini zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlash; Uychi tumani Ezgulik mahallasi hududida joylashgan 25-maktabda zamonaviy kutubxona tashkil etish; Namangan shahrining Farovon mahallasida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni yashil energiya muammolarini hal etish; To‘raqo‘rg‘on tumani Bekobod mahallasi aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlashga ko‘maklashish; Yangiqo‘rg‘on tumani Yuqori Qorayontoq mahallasi hududida zamonaviy vorkaut maydonchasini barpo etish hamda yoshlar salomatligini mustahkamlash kabi loyihalar o‘rin olgan.

Mazkur grant tanlovi doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 1 milliard 180 million so‘m mablag‘ ajratilib, u respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Tanlovga Namangan viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan elektron platformasi orqali jami 34 loyiha taqdim etildi. Hozirda loyihalarni belgilangan mezonlar asosida baholash ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilish yakunida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, davlat grantlari va subsidiyalarining samaradorligini oshirish, aholini qiynayotgan dolzarb muammolarni nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash darkor, nodavlat notijorat tashkilotlariga qaratilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklar fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat taraqqiyotidagi rolini kuchaytirish, hududlardagi ijtimoiy muammolarni samarali hal etish, hamda davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.