Loyiha amalga oshgach, 55 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi
Navoiy viloyatining Karmana tumani markazida markazlashgan oqova suv tizimlarini qurish loyihasiga start berildi.
Tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ Boshqaruv raisi Ahmad Suvonqulov, viloyat hokimi o‘rinbosari Akbar Niyozov, Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev va nuroniylar ishtirok etib, loyiha doirasida bunyod etiladigan inshoot poydevoriga ramziy tamal toshini qo‘yishdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ekologik xavfsizlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan shu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur qarorga muvofiq, Navoiy viloyatining Karmana tumanida markazlashgan oqova suv tizimlarini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 28,5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 25,2 million AQSH dollari Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘lari hisobiga, 3,3 million AQSH dollari esa O‘zbekiston Respublikasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
– Loyiha 3 bosqichda amalga oshiriladi, – deydi “Navoiysuvta’minoti” AJ rahbari Otabek Zaripov. – 1-bosqichda 8,2 ming kub metr quvvatga ega zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi. 2-bosqichda 152 kilometr uzunlikdagi oqova suv tarmoqlari barpo etilsa, so‘nggi bosqichda 4 ta oqova suvni haydash nasos stansiyasi (KNS) hamda ularga tutash bosimli quvur tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshiriladi. Natijada Karmana tumanidagi 14 ta mahallada istiqomat qilayotgan 55 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi. Eng muhimi, hududda mazkur xizmat bilan qamrov darajasi amaldagi 0 foizdan 90 foizgacha oshadi.
[gallery-30636]
Loyihalash ishlari Turkiyaning “SAFEGE Ankara” va “TUMAS2 konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda. Texnik qo‘llab-quvvatlash ishlarida esa Fransiyaning “SEURECA”, O‘zbekistonning 2Global Business Service” hamda Avstraliyaning “SMEC International PTY” kompaniyalari ishtirok etmoqda. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 2,8 million AQSH dollari mablag‘ o‘zlashtirildi. Oqova suv tozalash inshooti qurilishi bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanib, pudrat shartnomasini imzolash arafasida turibdi. Shuningdek, nasos stansiyalari va oqova suv tarmoqlari bo‘yicha ham barcha loyihalash ishlari tugallanib, amaliy bosqichga o‘tilmoqda.
2026-yilda oqova suv tozalash inshooti qurilishi uchun 10 million AQSH dollari mablag‘ini o‘zlashtirish, ikki yirik tenderni yakunlash va pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar imzolash rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari