Namanganda Media haftalik yuqori saviyada o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida tashkil etilgan Media haftalik axborot sohasi vakillari, ijodkor yoshlar, blogerlar hamda kontent yaratuvchilarni bir maydonga jamlagan yirik media muloqot platformasiga aylandi. Tadbir axborot makonidagi zamonaviy tendensiyalar, raqamli jurnalistika va media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Media haftalik doirasida 40 nafar matbuot kotibi va axborot xizmati xodimi, 30 nafarga yaqin televideniye sohasi vakili, 22 ta gazeta hamda internet ommaviy axborot vositalari xodimlari, 20 nafar mahalliy bloger, 85 nafar mobilograf va 70 nafardan ziyod ijtimoiy tarmoqlar mutaxassislari ishtirok etdi. Shuningdek, kontent yaratish va media sohasiga qiziquvchi 200 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ham tadbirlarga faol jalb qilindi.
[gallery-29645]
Haftalik davomida ishtirokchilar uchun zamonaviy jurnalistika, raqamli media muhitida samarali ishlash, ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent tayyorlash, axborot tarqatishning innovatsion usullari va media mahsulotlar sifatini oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminarlar, mahorat darslari va tajriba almashuv uchrashuvlari tashkil etildi.
Ayniqsa, sohaning tajribali mutaxassislari ishtirokida o‘tgan ochiq muloqotlar va amaliy mashg‘ulotlar yoshlar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi. Ishtirokchilar media sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, auditoriya bilan ishlash, mobil kontent tayyorlash va raqamli platformalar imkoniyatlari bo‘yicha zarur tavsiyalarga ega bo‘ldi.
Media haftaligining yakuniy tadbiri sifatida tashkil etilgan media forumda 300 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Forumda raqamli axborot muhiti, yangi media tendensiyalari, axborot xavfsizligi, milliy kontentni rivojlantirish hamda media sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida haftalikning faol ishtirokchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Umuman, Media haftalik doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda 750 nafardan ziyod ishtirokchi qamrab olindi.
Mazkur tashabbus axborot sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish, media savodxonlikni yuksaltirish hamda yoshlarni zamonaviy kontent yaratish jarayonlariga keng jalb etishga xizmat qildi.
Hotam MAMADALIEV( surat),O‘zA