Namanganda diniy idora yangi binoga ega bo‘ldi
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ezgu islohotlarning uzviy davomi sifatida fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash, mazkur yo‘nalishda zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namanganda mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov vakillik xodimlari va hududdagi diniy muassasalar vakillarini yangi bino bilan muborakbod etib, bunday zamonaviy sharoitlar eng avvalo, sohaga qaratayotgan alohida g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi.


Shuningdek, bugungi kunda imom-xatiblar moddiy va ma’naviy jihatdan munosib qo‘llab-quvvatlanib, vakilliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizda joriy yilgi Haj mavsumida 100 nafar hamyurtimiz “Prezident hojisi” sifatida muborak safarga yuborilgani alohida e’tirof etildi.

Namangan viloyatida so‘nggi yillarda imom-xatiblarning din peshvosi sifatidagi ish faoliyati izchil olib borilayotgani e’tiborga molik. Joriy yilning birinchi yarmida viloyat imom-xatiblari tomonidan 40 mingta ma’rifiy tadbir, ommaviy axborot vositalari orqali to‘qqiz mingta chiqish qilindi. Qabullarda 5 ming 500 nafar fuqaroning murojaati hal etildi, 5 ming 300 ga yaqin migrantlar oilalari bilan muloqot qilindi. Ehtiyojmand oilalarga 5 milliard so‘m, ta’lim muassasalariga esa 800 million so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Kelgusida ham soha xodimlari rag‘batlantiriladi. Imomlarning ilmiy salohiyatini oshirish va xorijda kasb-mahoratini yuksaltirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
Qolaversa, imomlarimiz o‘zini o‘zi boshqarish idoralarida istiqlol ayyomi arafasida o‘tkazilayotgan "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida jonbozlik ko‘rsatishmoqda.

Tadbir yakunida vakillik faoliyatiga munosib hissa qo‘shgan faollar taqdirlanib, O‘zbekiston Musulmonlari viloyat vakilligiga xizmat avtomobili topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA