Mustaqillikning 35 yilligiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
«Turkiston» san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov raislik qildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan asosiy tantanali tadbirlarni mazmunli va yuksak badiiy saviyada tashkil etish, sahna yechimlarida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, bayram dasturlarining g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan raqs jamoalari va folklor-etnografik ansambllarni bayram tadbirlariga keng jalb etish, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarning betakror jozibasini sahna orqali yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, xalqimiz birdamligi, vatanparvarlik va bunyodkorlik g‘oyalarini tarannum etuvchi yangi qo‘shiqlar yaratish, ularni professional ijodkorlar ishtirokida sahnalashtirish hamda bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar mamlakatimiz taraqqiyoti, milliy madaniyatimiz va ma’naviy qadriyatlarimizning yuksak salohiyatini keng namoyon etishi lozim.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri