Jizzaxlik talaba Osiyo chempioni bo‘ldi
Filippin poytaxti Manila shahrida o‘tkazilgan sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston sportchilari yana bir yuksak natijaga erishdi. Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Sevinch Isroilova barcha raqiblarini mag‘lub etib, qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.
Filippinning Manila shahrida sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo va Okeaniya chempionati yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Ilk bor Filippin mezbonlik qilayotgan nufuzli musobaqada Osiyo va Okeaniyaning eng kuchli sambochilari qit’a chempionligi uchun bellashdi. Musobaqada 31 mamlakatdan 500 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Quvonarlisi, mazkur musobaqada Jizzax viloyati va mamlakatimiz sport maktabi sharafini munosib himoya qilgan Jizzax davlat pedagogika universiteti jismoniy tarbiya va sport fakulteti talabasi Sevinch Isroilova yuksak mahorat, mustahkam iroda va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi.
Hal qiluvchi bellashuvlarga qadar barcha raqiblarini ishonchli mag‘lub etgan hamyurtimiz finalda ham ustunligini saqlab qoldi. Natijada o‘z yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni egallab, Osiyo chempioni hamda oltin medal sohibasiga aylandi.

Bu natija nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimiz sambo maktabining xalqaro maydondagi yana bir yorqin yutug‘i sifatida e’tirof etilmoqda. Sportchining ushbu muvaffaqiyati ortida yillar davomidagi mashaqqatli mehnat, murabbiylarining yuksak mahorati va yurtimizda sport sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan izchil islohotlar samarasi mujassam.
Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarning xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgani Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati va sportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amaliy natija berayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.

Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi hamda butun sport jamoatchiligi Sevinch Isroilovaning ushbu ulkan g‘alabasini munosib qarshi oldi. Yosh chempionning xalqaro maydondagi navbatdagi zafarlari mamlakatimiz sport solnomasini yanada boyitishiga ishonch bildirilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri