Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tangalar muomalaga chiqarildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash maqsadida maxsus esdalik tangalar kolleksiyasini muomalaga chiqardi.
Uchta tangadan iborat mazkur kolleksiya O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyoti g‘oyalarini yagona badiiy konsepsiyada mujassam etgan. Har bir tangada istiqlol davrining muhim ramz va qadriyatlari o‘ziga xos kompozitsiya orqali ifodalangan.
Kolleksiyaning birinchi tangasi xalqimizning ozodligi, milliy g‘ururi va mustaqil davlatchiligi timsoli bo‘lgan Mustaqillik monumentiga bag‘ishlangan. Monument ortidan taralayotgan quyosh nurlari istiqlol bergan imkoniyatlar va yorug‘ kelajak ramzi sifatida talqin etilgan. To‘g‘ri tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i hamda uning qabul qilingan sanasi — 1991-yil 18-noyabr aks ettirilgan.
Ikkinchi tanga O‘zbekistonning boy tarixiy va ma’naviy merosini ifodalaydi. Uning old tomonida Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan. Mazkur me’moriy obraz mamlakatimizning jahon ilm-fani, ma’naviyati va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini anglatadi. Tanganing orqa tomonida esa O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi va uning qabul qilingan sanasi — 1992-yil 2-iyul aks ettirilgan. Kompozitsiya davlat suvereniteti, milliy birlik va mustahkam davlatchilik g‘oyalarini mujassam etadi.
Kolleksiyaning uchinchi tangasida «35» raqami asosiy kompozitsion element sifatida ifodalangan. Uning zamonaviy va nafis talqini mustaqillikning bardavomligi, shuningdek, tarixiy mas’uliyatning yangi avlodlarga o‘tib borishini anglatadi. Tanganing orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasidan olingan «Olamni mahliyo aylagan diyor!» satri hamda Madhiya qabul qilingan sana — 1992-yil 10-dekabr aks ettirilgan. Dizaynda milliy o‘ziga xoslikni ifodalash maqsadida do‘ppi naqshlaridan ham foydalanilgan.
Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin (Au) va kumushdan (Ag) zarb etilgan. Har bir tanganing og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming so‘mni tashkil etadi. Tangalari uch donadan iborat kolleksiya to‘plami shaklida, shuningdek, har biri alohida tarzda ham sotuvga chiqarilgan.
Oltin esdalik tangalarining dastlabki tiraji 450 dona, kumush tangalarniki esa 800 donani tashkil etadi. Bozor ehtiyojidan kelib chiqib, ularning tiraji oshirilishi mumkin.
Mazkur esdalik tangalari O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik tarixini milliy davlatchilik, tarixiy xotira va zamonaviy taraqqiyot g‘oyalari uyg‘unligida aks ettiradi. Kolleksiya milliy tarix va madaniyatga qiziquvchilar, shuningdek, istiqlol tarixini o‘zida mujassam etgan noyob esdalik buyumlarini qadrlovchilar uchun mo‘ljallangan.

Esdalik tangalari 27-avgustdan boshlab tijorat banklarining 690 ta filialida sotuvga chiqarildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA