Sirdaryo — investitsiya va hamkorlikning yangi manzili
Sirdaryo viloyati bugun nafaqat investitsiyalarni qabul qilayotgan, balki o‘zining iqtisodiy imkoniyatlari, ishlab chiqarish salohiyati va istiqbolli loyihalari bilan xorijiy biznes vakillarini tobora ko‘proq qiziqtirayotgan hududga aylanmoqda. Bu jarayonning yana bir amaliy ifodasi Guliston shahrida tashkil etilgan «Sirdaryoda biznes qiling!» xalqaro investitsiya forumida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Viloyatning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro biznes hamjamiyatiga keng namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida o‘tkazilgan forumda 700 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbirga 20 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin xorijiy investor, 300 nafardan ziyod mahalliy tadbirkor, diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda 10 ta hamkor hudud delegatsiyalari tashrif buyurdi.
Sirdaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan forumda asosiy e’tibor quruq va’dalar yoki umumiy muloqotlarga emas, balki aniq loyihalar va amaliy kelishuvlarga qaratildi. Shu ma’noda, tadbir doirasida o‘tkazilgan B2B va B2G uchrashuvlari alohida ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvlarda viloyatning investitsiyaviy imkoniyatlari, eksport salohiyati va istiqbolli loyihalari xorijiy hamkorlarga taqdim etildi. Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, axborot texnologiyalari, transport-logistika va turizm kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Investorlarga Sirdaryoda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud infratuzilma, investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va yengilliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muhimi, forum doirasida xorijiy davlatlar va kompaniyalar vakillari bilan viloyat hokimligida ham B2B va B2G formatlarida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda sanoat va savdo bilan bir qatorda transport-logistika, turizm, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning xorijiy investorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvlari ham amaliy loyihalarga boy bo‘ldi.
Jumladan, Xitoyning «Shinszyan Xefu», «Baolun», «Sigua», «Ey-Ay Kar» kompaniyalari hamda Chjetszyan arxitektura-qurilish tadqiqot instituti vakillari bilan muloqotda Sirdaryoda pitaya va mango yetishtirish, baliqchilikni rivojlantirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda zamonaviy onlayn taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Sirdaryo daryosi bo‘yida «Yangi shahar» konsepsiyasini ishlab chiqish, «Ikki davlat — ikki bog‘» loyihasi doirasida sanoat parki tashkil etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunida mazkur loyihalarni puxta ishlab chiqish va hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
[gallery-31132]
Farmatsevtika sohasida ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Viloyat hokimi «Novugen Pharma» kompaniyasi bosh direktori Javed Xan bilan uchrashib, Sirdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan korxona ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarini o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish va istiqbolli hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Turizm sohasidagi rejalar ham e’tiborga molik. «Lixua Grup» kompaniyasining O‘zbekistondagi mehmonxona loyihasi bosh direktori Lu Dunshen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Guliston shahrida zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan besh yulduzli mehmonxona barpo etish loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Loyihani amalga oshirish bosqichlari, mehmonxona uchun maqbul hudud tanlash, zarur infratuzilmani shakllantirish va investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bunday ob’ektning barpo etilishi nafaqat turizm infratuzilmasini boyitishi, balki yangi ish o‘rinlari yaratishi va Guliston shahrining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishi bilan ahamiyatlidir.
Sanoat sohasida ham yangi loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. «Yingtai Steel», «Peng Sheng» texnoparki, «Shanxi Lida Paper», «Menston», «Wenren Investment», «Lucheng» texnoparki hamda «B.A. Technopark» vakillari bilan uchrashuvlarda ishlab chiqarish va investitsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni Sirdaryoda amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xorijiy kompaniyalar vakillariga hududning investitsiya salohiyati, mavjud infratuzilma va investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
E’tiborli jihati shundaki, bugun Sirdaryoga qiziqish bildirib kelayotgan xorijiy investorlarning ayrimlari hudud uchun mutlaqo yangi emas. O‘tgan yili o‘tkazilgan «Sirdaryoda biznes qiling» forumida mehmon sifatida ishtirok etgan ayrim investorlar bu yil yana Sirdaryoga qaytib, endi mezbon investor sifatida qatnashmoqda.
«Lyanxe Greyd Agro», «Tavsid Jeneral», «Vuzong Enerji», «FM Vorld», «Lesso», «OTR Grup» kabi kompaniyalar vakillarining bu yilgi forumdagi ishtiroki ham hamkorlikning bir martalik tadbir doirasidan chiqib, izchil jarayonga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa Sirdaryodagi investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonch tobora mustahkamlanayotganining muhim belgisidir.
Bu natijalar zamirida hudud iqtisodiyotida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar mujassam. So‘nggi yillarda Sirdaryo agrar hududdan sanoatlashgan, investitsiya va eksport salohiyati tobora ortib borayotgan viloyatga aylanmoqda.
So‘nggi 10 yilda viloyatda 8 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lib, shundan 2,5 milliard dollardan ortig‘i xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda esa xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobar oshirib, 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bu mablag‘lar metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kimyo sanoati, mashinasozlik, qurilish materiallari, axborot texnologiyalari, elektrotexnika hamda noyob metallarni qazib olish va qayta ishlash kabi muhim tarmoqlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni jarayon mamlakatda tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar bilan uyg‘un kechmoqda.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga, yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan, eksport hajmi esa 33,4 milliard dollardan oshdi. 2026-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori darajada saqlab qolish, yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni esa 40 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.
Kelgusi besh yilda mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollardan oshirish bo‘yicha belgilangan ulkan maqsadlar ham hududlarda investitsiyaviy faollikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar esa bu jarayon uchun yanada qulay muhit yaratmoqda. Xususan, 120 turdagi hujjatni talab qilish bekor qilinib, jarayonlar raqamlashtirilmoqda. Kichik biznes faoliyatida inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha tekshiruvlarga uch yil muddatga moratoriy joriy etilmoqda.
Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasining 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirilishi qariyb 600 mingta kichik biznes sub’ekti uchun qo‘shimcha yengillik yaratmoqda. Biznesni endi boshlayotganlar uchun 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati ham tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Tashqi savdo imkoniyatlarining kengayib borayotgani ham investorlar uchun muhim omil. Iordaniya bilan 150 turdagi, Pokiston bilan 88 turdagi, Eron va Afg‘oniston bilan 34 turdagi mahsulot bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlarining tuzilgani, Turkmaniston bilan ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yilgani yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Sirdaryodagi sanoat zonalarida ham investitsiyaviy faollik sezilarli darajada oshmoqda. Xususan, o‘tgan yilda sanoat zonalariga umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan 30 ta loyiha joylashtirildi. Ularni amalga oshirish uchun ajratilgan maydonlar qariyb 420 gektarni tashkil etadi.
Bularning barchasi bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: Sirdaryoda investitsiya uchun imkoniyatlar bor, infratuzilma shakllanmoqda, yangi loyihalar uchun maydon va bozor mavjud. Eng muhimi, hamkorlik qilishga tayyor muhit yaratilmoqda.
Shu ma’noda, «Sirdaryoda biznes qiling!» xalqaro investitsiya forumi nafaqat yangi investitsiyalarni jalb etish, balki xorijiy va mahalliy biznes vakillari o‘rtasida ishonchli hamkorlik muhitini shakllantirish, yangi muloqotlar va istiqbolli loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda. Forum doirasida bildirilgan tashabbuslar, o‘tkazilgan uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar Sirdaryoning investitsiyaviy salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, bugun viloyatda investorlar uchun nafaqat iqtisodiy imkoniyatlar, balki ishonchli hamkorlik muhiti ham yaratilmoqda. Bu esa Sirdaryoning yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jozibador hudud sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov forumda ta’kidlaganidek:
— Ishonchim komilki, ushbu forum bevosita biznes aloqalari jihatidan samarali bo‘ladi. Eng muhimi — faoliyatingizni himoya qiladigan qonunlar bor, muloqotga ochiq davlat va hamkorlikka tayyor xalqimiz bor. Keling, bugungi forum orqali nafaqat loyihalar, balki do‘stlik ko‘priklarini yanada mustahkamlaylik. Shuning uchun har bir imkoniyatning o‘z vaqti bo‘ladi. Sirdaryo imkoniyati esa hozir. Bugun biznes qiling, chunki ertaga kech bo‘lishi mumkin.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA