Mundial sensatsiyasi: Kabo-Verde Ispaniyadan ochko tortib oldi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Atlanta shahridagi “Mercedes-Benz” stadionida futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining “H” guruhi 1-turidan o‘rin olgan Ispaniya va Kabo-Verde terma jamoalari bahsi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida to‘p nazorati va hujumlar soni bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi ustunlik qildi. Biroq, jamoa yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadi. Kabo-Verde futbolchilari esa himoyada ishonchli o‘yin namoyish etib, raqib hujumlarini bartaraf etdi. Natijada uchrashuvda hisob ochilmadi va tomonlar bir ochkodan bo‘lishib oldi.
Mazkur guruhning ikkinchi bahsida Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Uchrashuv 16-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da Mayami-Gardens shahridagi “Xard Rok” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, 16-iyun kuni “G” guruhidagi bahslar ham muxlislar e’tiborida bo‘ladi. Jumladan, Belgiya — Misr uchrashuvi soat 00:00 da, Eron — Yangi Zelandiya bahsi esa soat 06:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA