Muammolar joyida o‘z yechimini topmoqda
Sirdaryo tumanida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan muhim amaliy tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Tadbirda Agentlik direktor o‘rinbosari Jahongir Yunusov, bo‘lim boshlig‘i Sarvar Ravshanov, Agentlikning Sirdaryo viloyati loyiha ofisi rahbari Bekmurod Akbarov hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar va idoralar vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, 14 ta hududdan bittadan tuman tadbirkori onlayn tarzda ham muloqotga ulandi.

Jami 116 nafar tadbirkor ishtirok etgan ushbu ochiq muloqotda davlat xaridlari tizimidagi mavjud muammolar, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi ulushini oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan amaliy to‘siqlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirkorlar tomonidan davlat xaridlarida ishtirok etish jarayonlarini soddalashtirish, tender va tanlovlarda shaffoflikni oshirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda mahalliy mahsulotlar uchun kafolatlangan bozor imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Muloqot jarayonida kelib tushgan murojaatlar bosqichma-bosqich ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, qolgan murojaatlar esa mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganish va ijro etish uchun nazoratga olindi.
Ta’kidlanishicha, bunday formatdagi ochiq muloqotlar tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, ularning muammolarini tezkor aniqlash va amaliy yechim topish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda. Bu esa davlat xaridlari tizimining ochiqligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, ichki bozorni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

– Bugungi ochiq muloqotning eng muhim jihati shundaki, biz tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, vositachilarsiz muloqot o‘rnatdik. Bu mavjud muammolarni tezkor aniqlash va ularga amaliy yechim topish imkonini beradi. Ayniqsa, davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish borasida bildirilgan takliflar muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday uchrashuvlar hududlarda ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va biznes muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi, – dedi agentlik direktorining o‘rinbosari Jahongir Yunusov.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kabi ochiq muloqotlar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA