Namanganda elektrobus sinov tariqasida harakatlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan shahrida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish doirasida zamonaviy elektrobus sinov tariqasida harakatlanmoqda. Yangi transport vositasi 65-xalqaro Gullar festivali arafasida test rejimida yo‘nalishga chiqarildi.
“Ekspress Dolina” qo‘shma korxonasi MCHJ rahbari Alisher Dadaxonovning ma’lum qilishicha, korxona tomonidan 2024-yilda “Yutong” kompaniyasi bilan hamkorlikda 36 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, shahar yo‘nalishlariga qo‘yilgan.
Endilikda jamoat transporti tizimiga elektrobuslarni joriy etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Dastlab Xitoydan bitta elektrobus keltirilib, uni mahalliy sharoitda sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, sinov natijalari ijobiy bo‘lsa, kelgusida yana 50 tadan 100 tagacha elektrobus olib kelish rejalashtirilgan.
Elektrobuslar ekologik jihatdan qulayligi, havoga zararli chiqindilar chiqarmasligi hamda an’anaviy yoqilg‘iga ehtiyoj sezmasligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov sinov tariqasida harakatlanayotgan elektrobus faoliyati bilan tanishdi.
[gallery-29603]
Mutaxassislar fikricha, zamonaviy elektrobuslarning joriy etilishi aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmati sifatini oshirish, harakat xavfsizligi va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA