Moskvada O‘zbekiston turizmiga qiziqish ortmoqda
O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, betakror madaniyati va zamonaviy turizm imkoniyatlari xalqaro maydonlarda tobora keng namoyish etilmoqda.
Ayni kunlarda Moskva shahrida o‘tkazilayotgan nufuzli “Puteshestvuy!” xalqaro turizm forumida mamlakatimiz milliy stendi mehmonlar va mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi “Puteshestvuy!” xalqaro turizm forumida namoyish etilmoqda.
Forum doirasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko O‘zbekiston milliy stendiga tashrif buyurib, mamlakatimizning turizm salohiyati, taqdim etilgan sayyohlik yo‘nalishlari hamda sayohatlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan tanishdi.
O‘zbekistonning milliy madaniyati va turizm brendini targ‘ib qilish maqsadida ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari uchun madaniy dastur, o‘zbek milliy taomlari taqdimoti va degustatsiyasi, shuningdek, xalq hunarmandlari tomonidan yaratilgan noyob mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur forumdagi ishtirok O‘zbekistonning turizm salohiyatini Rossiya bozorida yanada keng targ‘ib etish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “Puteshestvuy!” Rossiyaning turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi eng yirik tadbirlaridan biri hisoblanadi. Forum davlat va biznes o‘rtasidagi yuqori darajadagi muloqot maydonini hamda keng jamoatchilik uchun turistik festivalni o‘zida mujassam etgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA