Farg‘ona turizm markazlaridan biri bo‘la oladimi?
Turizm qo‘mitasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi. Markaziy Osiyoning yetakchi turizm kompaniyalari va turagentliklari rahbarlaridan iborat delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘lib, ikki kun davomida hududning turizm salohiyati, yaratilgan shart-sharoitlar va istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirlar mehmonlar ishtirokida o‘tkazilgan konferensiya hamda B2B formatidagi uchrashuvlar bilan boshlandi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek, viloyatdagi yetakchi turkompaniyalar va mehmonxona rahbarlari ishtirok etdi.

Farg‘ona viloyatining boy turizm salohiyati, amalga oshirilayotgan yangi investitsiya loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum va shartnomalar imzolandi.

Delegatsiya a’zolari Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi, Farg‘ona tumanida joylashgan “Avval” turizm qishlog‘i, “Karkidon” suv ombori hududida tashkil etilgan zamonaviy turizm maskanlari, Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazi hamda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm markazida bo‘ldilar. Ushbu manzillardagi o‘ziga xoslik, tarixiy meros, milliy qadriyatlar va zamonaviy yondashuv asosida yaratilgan imkoniyatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng, Rishton tumani va Qo‘qon shahri hududlaridagi tarixiy obidalar, hunarmandchilik ustaxonalari, ko‘rgazma zallari hamda sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Yangi shartnomalar amal qila boshlagach, Farg‘onaga sayyohlar oqimi ko‘payishi kutilmoqda.
Muxammmadjon Obidov,
O‘zA