Moody’s “O‘zagrosug‘urta” AJ reytingini Ba2 darajasiga oshirdi
Xalqaro Moody’s Ratings reyting agentligi “O‘zagrosug‘urta” AJning Sug‘urtalovchining moliyaviy barqarorligi reytingini — Insurance Financial Strength Rating (IFSR) — Ba3 darajasidan Ba2 darajasiga oshirdi.
Shuningdek, reyting prognozi “ijobiy”dan “barqaror”ga yangilandi.
Bu Moody’s Ratings kompaniyaning erishilgan yuqori reyting darajasi yaqin istiqbolda barqaror saqlanishini kutayotganini anglatadi. Reytingning oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi yaxshilangani, shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJning o‘z kredit ko‘rsatkichlari mustahkamlangani bilan izohlanadi.
Moody’s Ratings bahosiga ko‘ra, kompaniya aktivlarining o‘sishi, kapital bazasining mustahkamlanishi hamda moliyaviy moslashuvchanlikning oshishi “O‘zagrosug‘urta” AJning moliyaviy barqarorligini yanada kuchaytirgan. Agentlik, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi barqaror mavqeini, sug‘urta mahsulotlari portfelining diversifikatsiyalashganini, izchil foydali faoliyat yuritayotganini hamda sug‘urta majburiyatlarini bajarish uchun yetarli kapital zaxirasiga ega ekanini qayd etdi.
Moody’s Ratings tomonidan reytingning Ba2 darajasiga oshirilishi “O‘zagrosug‘urta” AJning moliyaviy barqarorligi, tanlangan rivojlanish strategiyasining samaradorligi va mamlakat sug‘urta bozoridagi mustahkam o‘rnining xalqaro miqyosdagi e’tirofidir.