Eksportbop mahsulotlar himoyasi - davlat nazoratida
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda bog‘dorchilik, dehqonchilik, issiqxona xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqalarni xavfli zararkunandalar hamda karantin ahamiyatiga ega organizmlardan himoya qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Yashil hududlarni asrab-avaylash, shahar va qishloqlarda qulay ekologik muhitni shakllantirish hamda atmosfera havosi musaffoligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb masalalardan sanaladi. Shu bois, sohada zamonaviy yondashuvlar, ilmiy ishlanmalar, ilg‘or xorijiy tajriba va raqamli texnologiyalar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda. Ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlari sifatini baholashda zamonaviy laboratoriya tahlillaridan keng foydalanilmoqda. Xususan, mevalarning pishganlik darajasi titrlanadigan kislotalilik hamda qand-kislota nisbati orqali aniqlanib, bu ko‘rsatkichlar mahsulotning sifati, ta’m xususiyatlari va eksport talablariga muvofiqligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni kunlarda Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan poytaxtning barcha 12 ta tumanida «Dolzarb 30 kunlik» tadbirlari doirasida keng qamrovli monitoring va nazorat ishlari amalga oshirilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida mevali bog‘larga jiddiy xavf tug‘diruvchi Sharq mevaxo‘ri, poliz ekinlariga katta iqtisodiy zarar yetkazuvchi Qovun pashshasi, shuningdek, madaniy o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi Zarpechak hamda Sudraluvchi kakra kabi karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlarga qarshi kurash choralari izchil olib borilmoqda.

Mutaxassislar tomonidan zararli organizmlar mavjudligiga shubha uyg‘otgan o‘simliklardan namunalar olinib, sayyor laboratoriyalarda tezkor tahlillar o‘tkazilmoqda. Monitoring jarayonida karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar aniqlangan hollarda belgilangan tartibda zararsizlantirish tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Dolzarb 30 kunlik» tadbirlari joriy yilning 8-iyunidan 8-iyuliga qadar davom etadi. Mazkur tadbirlar o‘simliklar karantinini ta’minlash, hosildorlikni saqlab qolish, fermer va dehqonlar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA