Milliy animatsion filmlar premerasi bo‘lib o‘tdi
Yangi animatsion filmlar taqdimoti O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston animatsion studiyalari assotsiatsiyasi hamda “ASTIR” animatsion studiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Premera doirasida bolalar va keng jamoatchilik e’tiboriga “Zumrad va Qimmat”, “Saxovat” hamda “Burch izidan” nomli animatsion filmlar taqdim etildi.
Mazkur animatsion asarlarda xalq ertaklari, milliy adabiyotimizning boy merosi hamda mehr-oqibat, saxovat, jasorat va vatanparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlar zamonaviy badiiy talqinda yoritilgan.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha madaniyat va san’at namoyandalari bilan o‘tkazgan uchrashuvi ijodkorlarni yanada ruhlantirishi, ularni yangi marralar sari da’vat etishi va shu bilan birga har bir madaniyat va san’at vakili zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi alohida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori maslahatchisi Sayfulla Rajabov barcha bolajonlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan samimiy tabriklab, yosh avlod ma’naviy kamolotiga milliy kino va animatsiya san’atining ta’siri va ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi.

Bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda, quvonch va samimiyat muhitida o‘tdi. Bolajonlar va ota-onalar yangi animatsion filmlarni katta qiziqish bilan tomosha qilib, ijodkorlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, tadbir mehmonlari O‘zbekiston kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishib, milliy kinematografiyamiz tarixi, uning rivojlanish bosqichlari hamda kino merosimizni aks ettiruvchi noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Muzey bo‘ylab tashkil etilgan ekskursiyalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Mazkur tadbir bolalar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘lish bilan birga, milliy animatsiya san’ati va kino merosimizni targ‘ib etishga xizmat qilgan muhim madaniy-ma’rifiy loyiha sifatida e’tirof etildi.
N.Usmonova,
O‘zA