Milliy adabiyotimizning ikki qanoti
—
“Buyuk ajdodlarimizning betakror va
noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun
doimiy harakatdagi hayotiy dasturga
aylanishi kerak...”
Shavkat MIRZIYOEV
O‘tmishdan ma’lumki, o‘zbek diyoridan dunyo ilmu-ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab bobokalonlarimiz yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy meroslarda ruhiy-axloqiy tarbiya, milliy va ma’naviy qadriyatlar jamuljamligi, ushbu ne’matlarning asrlar osha turli sinov, xurujlardan omon o‘tib kelayotgani kishini quvontiradi. Va ayni paytda og‘riqli bir savol ko‘ngilning bir chetida g‘imirlab turaveradi: “Biz ana shunday ulug‘ zotlarga munosib izdosh, voris bo‘la olayapmizmi?..
Har yil fevralning dastlabki 15 kunida qaynoq mehr bilan ikki bayramni nishonlaymiz. Bu bayramlarning biri 9 fevralda turkiy xalqlarning faxri – “shamsu-l-millat”i, jahon adabiyoti xazinasini o‘zining hassos she’rlari, buyuk “Xamsa”si bilan boyitgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hamda 14 fevral – turkiy adabiyotning yana bir zabardast vakili, chin ma’nodagi so‘z zargari, “Boburnoma”dek mahobatli asar muallifi, Alisher Navoiyni ustozim, deb ulug‘lagan Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun...
Navoiy va Bobur ijodi turkiy adabiyotning eng yorqin sahifalarini tashkil qiladi. Bu ikki buyuk ijodkor 42 yil farqi bilan bir-biriga zamondosh bo‘lgan. Mumtoz adabiyotimiz tarixida bu ikki ulug‘ siymo ijodini o‘rganish orqali chinakam inson hayoti qanday bo‘lishi kerakligi haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lamiz. Aslida, bu ikki zot ijodi o‘zga-o‘zga olam, ammo ularni birlashtirib turguvchi nozik nuqta bor, bu – turkiy tilda she’r, so‘z ayta olish, turiy til nafosatini ko‘z-ko‘z qilish san’ati...
Bobolarimizning betakror asarlarini o‘qib, ular ijodi sokin oqayotgan daryo tubidagi qudratli g‘alayon kabi bitmas-tuganmas tafukkur ummonidan terilgan ma’no durlaridek bebaho xazina ekanligini his etasiz. Ular yozib qoldirgan asarlar ko‘ngillarga shu qadar yaqinki, xuddi o‘rtada besh yuz yillik masofa yo‘qdek, bugun yozilgandek aktual.
Alisher Navoiy va Bobur ijodini tahlil, tadqiq qilgan olimlar ular ilgari surgan g‘oyalar nafaqat o‘zbek xalqining, balki jahon xalqlari uchun ham ulkan ilmiy-madaniy boylik ekanligini ta’kidlashadi.
Ha, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobursiz o‘zbek adabiyoti qanchalar g‘arib, nochor bo‘lib qolardi. Ularning jonbaxsh ijodi, betakror g‘azaliyoti, mag‘rur siymolari sahro bag‘ridagi ulkan cho‘qqidek ko‘ngillarni hayratga ko‘mib turaveradi.
Alisher Navoiyning chuqur insonparvar g‘oyalar ila yo‘g‘rilgan ijodi ruhiyatimizga quvvat bersa, Zahiriddin Muhammad Bobur she’rlaridagi isyon, shaxsiyatidagi qat’iylik qalblarimizdagi vatanga bo‘lgan muhabbat uchqunlarini alangalatib yuboradi.
Tabiiyki, bu ikki zot haqidagi aniq ma’lumotlarni qayerdan topish mumkin, degan savol paydo bo‘ladi. Olimlar: “Ular haqida so‘zlaguvchi manba, bu ijodkorlarning asarlari” deya javob berishadi.
Shu ma’noda Alisher Navoiy haqida ilk ma’lumot beruvchi manba bu shubhasiz ulug‘ bobomizning asarlari. Buyuk shoir o‘z tarjimai holini maxsus yozib qoldirmagan bo‘lsa-da, deyarli barcha yozishmalari, g‘azallarida uning shaxsiyati, ijodiy va ijtimoiy faoliyatini ilg‘ash, ko‘rish mumkin. Hazrat Navoiy nafaqat shoir, balki o‘z xalqi va millati taqdiriga befarq bo‘lmagan zot ham edi. Asarlarida jamiyat bilan bog‘liq chek-chegarasiz orzu-umidlarini ifodalagan. Jamiyat hayotini yuksaltirish, to‘g‘ri yo‘lga solish va shaxs ma’naviyatini tarbiyalash kabi o‘zining so‘nggi armonlarini vasiyat qilib qoldirgan.
Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, shon-sharafini dunyoga tarannum qilgan zot.
G‘urbatda g‘arib, shodumon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu, mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikanday oshiyon bo‘lmas emish.
Ona tilimizga muhabbat, uning qanchalik qadrliligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo ulug‘ bobomiz Navoiy asarlari bilan kirib keladi. O‘z ijodiy merosida 26 mingdan ortiq so‘z boyligidan foydalangan bobomiz mana olti asrdan oshibdiki, asarlaridagi chuqur ma’no-mohiyatning keng ko‘lamligi va nazmiy merosidagi fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga solib keladi.
Alisher Navoiyning turkiy xalqlar ma’naviyati xazinasiga qo‘shgan hissasi beqiyos. U zot yaratgan shoh asarlari insoniyat ruxiy-ma’naviy dunyosi namoyandalari Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Dante, Vilyam Shekspir, Lev Tolstoylar ijod namunalari bilan bir safda turadi. Ba’zi o‘rinlarda Alisher Navoiy asarlaridagi yuksak g‘oyalar ifodasi “klassik” deya e’tirof etilgan G‘arb adiblarinikidan ustunroq ekanligiga guvoh bo‘lamiz.
Alisher Navoiy turkiy til imkoniyatlarini dunyoga tarannum etibgina qolmay, balki boshqa tillardan ham unumli foydalangan. Ammo hech bir so‘z ustasi turkiy til va adabiyot ravnaqi uchun uningdek xizmat qilolgan emas. Navoiydek jahoniy zot “Xitoydan to Xuroson”gacha yoyilgan turkiy qavmlarni “yakqalam” qildi va shu bilan birga millatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy ravnaqiga buyuk ta’sir ko‘rsatdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur ham g‘oyibona Navoiyni o‘ziga ustoz bilib, u bilan uchrashishni orzu qilgan. Maktublari orqali o‘zining dastlabki she’riy mashqlarini Navoiyga jo‘natib turgan. 1500 yilda Samarqandda paytida Navoiydan maktub olgani haqida “Boburnoma”da xabar beradi. Shubhasiz, Mirzo Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotida Hazrat Alisher Navoiydan keyingi eng ulug‘ siymodir.
Taqdir taqazosi bilan tog‘dek yukni zimmasiga olgan bobomizning hayot yo‘li havas va xatarlarga to‘la kechgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini, o‘zligini, iymonini bus-butun saqlab qolishi chin ma’noda avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolajak.
Qismat uning peshonasiga, o‘z ta’biri bilan aytganda, “toj-taxt minnati” va shoirlikni bitgan edi. Boburning niyati, qalb kechinmalari o‘z asarlarida shunday bo‘rtib turadiki, ko‘nglidagi murakkab iztiroblariga ijod orqali taskin topa olgani kabi g‘amgin satrlarida sohir tuyg‘ularini ham yorqin ifodalay olar edi. Uning bitiklari sodda, ravon va ayni paytda qilichning damidek, keskin.
Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.
Netkaymen ul rafiq bilakim, qilur base –
Mehru vafo raqibg‘a, javru jafo manga.
Shoh Boburning o‘z ustida muttasil ishlashi, yuksak mantiqiy tahlili, ensiklopedik bilim sohibi sifatida yashindek tez xulosa chiqara bilishi, mohirona razvedka xizmatidan foydalanish qobiliyati, taktik jihatdan pishiq shaxs ekanligi minglab lashkarlarini va o‘z satnatanini asrashida hamda jang maydonlarida g‘alaba qozonishida yordam bergan.
Bobur Mirzoning hind zaminida saltanat hukmdori sifatida amalga oshirgan ulkan bunyodkorlik ishlari behisob. U yaratgan o‘lmas madaniy yodgorliklar hanuzgacha jahon xalqlarining bebaho madaniy meroslari sifatida e’tirof etiladi.
Navoiy turkiy til asosida betakror bog‘ yaratib, dunyo ahlini hayratga solgan bo‘lsa, Bobur shu turkiy nazm gulshanidagi bepoyon bog‘ni chin ma’noda bo‘stonga aylantirdi. Navoiy yaratgan jami 34 asarning har biri haqida yuzlab tadqiqotlar qilingan, Bobur haqida dunyo olimlari turli janrda 12 mingdan ziyod katta-kichik asarlar yozgan. Aslini olganda, bobolarimiz aytgan ikki bayt she’r ham bir tadqiqot ob’ekti bo‘la oladi. Shu bois ular ijodiga qiziqish aslo so‘nmaydi.
Kelgusida bu ikki buyuk ijodkor bobomizning hayoti va ijodi borasida mukammal asarlar yaratilishi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishning eng zamonaviy usul va vositalari ishlab chiqilishi, bunda internet tizimidan, ijtimoiy tarmoqlardan o‘rinli foydalanish lozim deb hisoblayman.
Asarlarida, satrlarida vatanni qanday sevish mumkinligini Hazrat Alisher Navoiy ham, Zahiriddin Muhammad Bobur ham bizga meros o‘laroq qoldirib ketdi. Ularning hayoti qayerda kechmasin – musofirchilikdami, safardami... o‘z so‘zlari va mehri bilan qalblarida Vatan yarata olgan benazir zotlardir. Ular bosib o‘tgan yo‘l chin ma’noda ibrat va abadiyat yo‘lidir...
Madina Zufarova,
“RENAISSANCE” universiteti
talabasi,
O‘zA