Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga 47 mingga yaqin murojaat kelib tushgan
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi har bir oila, har bir fuqaroga daxldor bo‘lgan, kelajagimiz uchun muhim hisoblangan sohadir. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi munosabatlar keng qamrovli bo‘lib, shunga yarasha tizim faoliyatiga oid murojaatlar soni va ko‘lami ham keng. 2025-yil davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga 46 ming 909 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdek, vazirlikning fuqarolar qabulxonasida 7 ming nafardan ortiq fuqarolarning og‘zaki murojaatlari qabul qilingan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Sohada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning hal etilayotganligi holati to‘g‘risida”gi axborotini eshitdilar.
Axborotda ma’lum qilinganidek, vazirlik tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash “xalq bilan muloqot” tamoyili asosida olib borilmoqda. Xususan, ota-onalar va tizim xodimlarining murojaatlariga tezkor javob berish uchun ishonch telefoni yo‘lga qo‘yilgan. 2025-yilda Call-markaz orqali 52 mingdan ortiq fuqarolarning qo‘ng‘iroqlariga javob berilgan.

Shuningdek, pedagog xodimlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari uchun maxsus telegram-bot joriy etilgan. Mazkur bot orqali pedagoglar malaka toifasi, kasbiy sertifikatlash, menejerlik sertifikati va vazir jamg‘armasi sinovlari bo‘yicha murojaatlar holatini kuzatishi, natijalar bilan tanishishi, imtiyoz beruvchi xorijiy til sertifikatlarining verifikatsiya holatini tekshirishi, maxsus ustamalar va boshqa foydali ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin.
Axborotda keltirilishicha, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha vazir portali ham tashkil etilgan. Bunda ota-onalar, pedagog xodimlar va keng jamoatchilik vazirlik tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini yuborishi mumkin. Shu bilan birga, respublikamiz bo‘ylab har bir tuman va shaharlarda sayyor qabullar o‘tkazilib kelinmoqda.
Yig‘ilishda murojaatlarni ko‘rib chiqishda faqatgina rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmasdan, ularning mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilib, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.

Sohani raqamlashtirish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fuqarolar uchun 10 dan ortiq raqamli xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, zarur ma’lumotlarni masofadan turib olish imkoniyati yaratilgan. Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish, vaqtni tejash hamda davlat xizmatlarining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhokamalarda vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, aholi murojaatlari bilan ishlashda ayrim kamchiliklar mavjudligiga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, deputat so‘rovlariga o‘z vaqtida javob berilmaslik holatlari, yuborilgan aksariyat murojaatlar yuzasidan muallifga huquqiy tushuntirish berish bilan cheklanilayotgani kuzatilmoqda. Bu esa takroriy murojaatlarning ortishiga, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolar hal etilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shundan kelib chiqib xalq vakillari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini yanada yaxshilash, unga mas’ul bo‘lgan xodimlarning malakasi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova, O‘zA