Millatni uyg‘otgan siymo
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda jadidchilik harakatining yorqin vakili Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 149 yilligiga bag‘ishlab “Mahmudxo‘ja Behbudiy publitsistikasi va jadid matbuotida ijtimoiy-siyosiy masalalarning yoritilishi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Aytish kerakki, ulug‘ jadid bobomizning hayot yo‘li, faoliyatiga bag‘ishlgan ushbu konferensiya O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.
Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja taraqqiyparvar bobolarimizning merosi, ularning hayotbaxsh va erksevar g‘oyalari xususida atroflicha so‘z yuritdi.
– Jadid bobolarimiz, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, faoliyati haqida shunchaki gapirib bo‘lmaydi, – dedi universitet rektori Sh.Qudratxo‘ja. – Boisi, uning faoliyati g‘oyat keng va serqirradir. Behbudiy faoliyatiga doir mamlakatimiz va xalqaro miqyosda olimlar tomonidan ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. U “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnaliga asos solgan. Millatning taqdiri, uni qiynab kelayotgan muammolar Behbudiy maqolalarida ustuvor ahamiyat kasb etar edi. Universitetimizda Behbudiy merosini alohida o‘rganish bo‘yicha ilmiy maktab tashkil etilishi bilan birga, uning nomidagi stipendiya ham ta’sis etilgan. Behbudiy o‘z vasiyatida maorifga yordam berishga, Turkiston bolalarini ilmli qilishga, o‘rtada nifoq ko‘tarmaslikka, barchaga tenglikka da’vat etgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan jadidlar merosini o‘rganishga, ular boshlagan ezgu ishlarni targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, taraqqiyparvar bobolarimiz orzulari mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida o‘z ifodasini topayotgani diqqatga sazovordir.
[gallery-15549]
– Jadidlarning faoliyatini, ular merosini qanchalik ko‘p targ‘ib etsak, yoshlar bugungi yorug‘, tinch va osoyishta kunlarning qadriga shunchalik ko‘proq yetadilar, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori Baxtiyor Hasanov. – Jadidchilik harakati Turkistonda dastlab madaniy-ma’rifiy harakat sifatida shakllangan bo‘lsa, keyinchalik ijtimoiy-siyosiy harakatga aylangan. Behbudiyning qatli xususida turlicha fikrlar bor. Bu borada maxsus komissiya tuzilib, uning qabrini izlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Jadid” gazetasi, jadidlarning ezgu g‘oyalari, ular tashkil etgan teatr, matbuot, umuman faoliyati haqida kengroq ma’lumot berishga asosiy e’tiborni qaratgan, – dedi “Jadid” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Humoyun Akbarov. – Zero, jadidlarga oid ma’lumotlar bizga juda ko‘p yangiliklar beradi.
– Jadidlarning Turkistonda milliy demokratik avtonom respublikani tuzishga oid qarashlari va amaliy faoliyatini ilmiy jihatdan o‘rganishga intildim, – dedi Xalqaro islom akademiyasi professori Saidakbar A’zamxo‘jayev. – Arxiv hujjatlari, Milliy kutubxonadagi nashrlar, hatto Moskvadagi shu mavzudagi arxiv materiallar bilan tanishdim. Taraqqiyparvar bobolarimizni yangilikka intilgan insonlar, islohotchilar, ma’rifatparvarlar, deb ham atash mumkin. Taklif shuki, jadidlar merosini maktablar, oliy o‘quv yurtlarida stendlar tashkil etish orqali targ‘ib etish, har bir jadid nashri bo‘yicha maxsus to‘plam yaratish, shaharning ko‘zga ko‘ringan joylarida, maxsus bannerlarda jadid bobolarimizning hikmatli so‘zlarini aks ettirsak, yoshlar tarbiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lar edi.
Onlayn ish tartibida o‘tkazilgan anjumanda jadid bobolarimizning merosi, faoliyati yurtimiz hamda xorijiy olimlar tomonidan atroflicha muhokama etildi. Kelgusidagi faoliyat rejalari belgilab olindi.
Nazokat Usmonova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA