Millatlar totuvligi — yurt boyligi
Turli millatlarning tili, madaniyati, milliy an’analari va qadriyatlarini asrab-avaylashi uchun yaratilayotgan sharoitlar esa mamlakatimizdagi tinchlik va totuvlik muhitining muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Hozir O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona Vatan, mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida hayot kechirmoqda.
Mahallalardagi qo‘shnichilik munosabatlari, oilaviy tadbirlar, bayramlar va turli madaniy anjumanlar turfa millat vakillarining o‘zaro yaqinligi va hamkorligini namoyon etadi. O‘zbek, qozoq, tojik, qirg‘iz, rus, tatar, koreys, uyg‘ur va boshqa millat vakillari bir mahallada qo‘shni, bir jamoada hamkasb, quda-anda va do‘st sifatida yashab kelmoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda 16 diniy konfessiya vakillari yagona O‘zbekiston xalqi sifatida hayot kechirmoqda. Ularning milliy-madaniy qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarining amaliy ifodasidir.

Bu jarayonda milliy-madaniy markazlar muhim o‘rin tutadi. Ularning tarixi mustaqillikdan oldingi davrga borib taqalsa-da, bu tuzilmalarning keng ko‘lamda rivojlanishi mamlakatimizning mustaqillik yillariga to‘g‘ri keladi. Xususan, 1995-yilda 72 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 157 taga yetgan. Har bir viloyatda milliy-madaniy markazlar faoliyati uchun “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan.
Mazkur markazlarning faoliyati milliy bayramlar va madaniy tadbirlarni tashkil etish bilangina cheklanmaydi. Ular milliy til, tarix, xalq og‘zaki ijodi, san’at va urf-odatlarni asrash, ularni yosh avlodga yetkazishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Musiqa va teatr studiyalari, badiiy jamoalar faoliyati orqali turli xalqlarning madaniy merosi namunalari targ‘ib etilmoqda.

Milliy tillarni asrash va ularning rivojini ta’minlashda ta’lim va axborot sohasidagi imkoniyatlar ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz maktablarida ta’lim 7 tilda olib borilayotgani, teleradio kanallar 12 tilda faoliyat yuritayotgani, gazeta va jurnallar 14 tilda nashr etilayotgani milliy-madaniy xilma-xillikka bo‘lgan e’tibor ko‘lamini ko‘rsatadi.
Toshkent viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda hududda 31 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Nurafshon shahridagi “NNT va Do‘stlik uyi”da tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, koreys, uyg‘ur va rus milliy-madaniy markazlarining viloyat bo‘limlari uchun alohida xonalar ajratilgan.

Shuningdek, Toshkent tumanida nemis milliy-madaniy markazi, Yangiyo‘l shahrida tatar milliy-madaniy markazi, Chirchiq shahrida “Sug‘diyona” tojik milliy-madaniy markazi faoliyat olib bormoqda.
Turli millat vakillarining jamiyat hayotidagi ishtiroki ham bu jarayonning muhim jihatlaridan biridir. Xususan, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarining 88 nafar deputati tojik, qozoq, qirg‘iz, rus, koreys va boshqa millat vakillaridir. Turli sohalardagi rahbarlar, tadbirkorlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari va sportchilar orasida ham turli millat vakillarini uchratish mumkin.
Ta’lim tizimida ham milliy tillarni o‘rganish va ularda ta’lim olish imkoniyatlari saqlangan. Toshkent viloyatidagi 875 ta umumta’lim maktabining 161 tasida rus tilida, 28 tasida tojik tilida, 118 tasida qozoq tilida, 5 tasida qirg‘iz tilida ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan.

Milliy madaniyatlarning o‘zaro yaqinlashuvi turli bayram va tadbirlarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Navro‘z, Xalqlar do‘stligi kuni, Mustaqillik bayrami kabi umumxalq bayramlari bilan bir qatorda qozoq xalqining “Amal” bayrami, tatarlarning “Sabanto‘y”, koreyslarning “Chxusok”, ruslarning “Maslenitsa” kabi milliy tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Ularda milliy qo‘shiq va raqslar, milliy taomlar hamda hunarmandchilik namunalari namoyish etiladi.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Do‘stlik” festivallari, shuningdek, Alisher Navoiy, Bobur bilan birga Abdurahmon Jomiy, Nizomiy Ganjaviy, Ajiniyoz, Berdaq, Abay Qo‘nonboyev, Pushkin kabi buyuk alloma va adiblarning hayoti hamda ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham turli xalqlar o‘rtasidagi mushtarak ma’naviy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Millatlararo totuvlikning eng muhim ko‘rinishlaridan biri esa kundalik insoniy munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Qo‘shnining bayramida ishtirok etish, milliy taomlarini birga baham ko‘rish, farzandlarni bir maktabda o‘qitish, quvonch va tashvishlarni birgalikda yengish — bularning barchasi o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlaydi.

Bugun mamlakatimizda turli millat vakillarining o‘z tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylashi bilan birga, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotda faol ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu jarayon milliy o‘zlikni saqlash va umummilliy birlikni mustahkamlashni bir-biriga zid emas, balki o‘zaro uyg‘un jarayon sifatida namoyon etmoqda.
Eng muhimi, turfa millat va elat vakillarini birlashtirib turgan mushtarak tuyg‘u — O‘zbekistonni umumiy Vatan deb bilish, uning tinchligi va taraqqiyotiga daxldorlik hissidir.
Manzura Rustamova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi,
O‘zA