Andijon: innovatsion sanoat, “yashil” energetika va yuqori infratuzilma
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi hududning iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan yirik tashabbuslar bilan boy bo‘ldi. Viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida, eng avvalo, innovatsiyalarni keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishdek ustuvor maqsadlar mujassamlashgan.
Bugun Andijonning transport va logistika infratuzilmasi xalqaro standartlarga moslashtirilib, xavfsizlik va o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshirilmoqda.
Xususan, 1,1 trillion so‘mlik investitsiya evaziga Andijon xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, 4E toifasiga o‘tkazildi hamda 50 yil xizmat qiluvchi sement-beton qoplama yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi tufayli ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham samolyotlarni qabul qilish imkoni yaratildi. Qurilishi davom etayotgan maydoni 19,6 ming kvadrat metrlik yangi terminal soatlik xizmat ko‘rsatish quvvatini 1000 nafargacha oshirib, yillik yo‘lovchi oqimini 3,5 million nafarga yetkazishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Boburshoh ko‘chasida barpo etilgan 271 milliard so‘mlik yangi ko‘prik Andijon shahri va Oltinko‘l tumanining 140 ming aholisi uchun ortiqcha 5,3 kilometrlik yo‘lni tejab, shoshilinch tibbiy yordam mashinalarining bemorlar huzuriga 14 daqiqa ertaroq yetib borishini ta’minlamoqda.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Eco Cotton” korxonasida sun’iy intellekt yordamida ishlovchi aqlli tikuv dastgohlari mato turiga qarab jarayonni haqiqiy vaqt rejimida sozlasa, sinov tariqasida gumanoid robotlar qo‘llanilmoqda.
Tashrif doirasida umumiy qiymati 9,4 milliard dollarlik 206 ta yangi loyiha ishga tushirilishi va qurilishiga start berildi. Bu 45 mingga yaqin yangi ish o‘rni hamda 533 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyati deganidir.
Viloyat sanoatida “yashil” energetika va resurs tejovchi texnologiyalar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. “Andijon Jinlun yangi energiya” korxonasi 2027 yildan boshlab yiliga kichik GESlar uchun turli jihoz va uskunalar ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa, Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” korxonasida intensiv usulda baliq chavog‘i go‘shti yetishtirilmoqda. Bu yerda elektr energiyasi to‘liq quyosh panellaridan olinadi, suv esa xlorella suv o‘ti yordamida tozalanib, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Qolaversa, 2026 yilning o‘zida viloyatda 47,4 MVt quvvatli quyosh panellari va o‘nlab kichik GESlar ishga tushirildi.
Qishloq xo‘jaligida Shinjon usulida chigitni plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekish va tomchilatib sug‘orish orqali suv sarfi 40 foizga, o‘g‘it sarfi 30 foizga tejalib, hosildorlik an’anaviy 35 sentnerdan 70 sentnergacha oshirildi. Ushbu jarayonda kadrlar muammosini hal etish uchun “Ipak yoʻli” sanoat zonasida 15 million dollarlik “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi tashkil etilib, talabalar nazariyani o‘qish bilan birga sanoat zonasidagi korxonalarda amaliyot o‘tamoqda.
Bu kabi loyihalar va manzilli ijtimoiy dasturlar natijasida joriy yilning 9 oyida 419 ming aholi bandligi ta’minlandi, ishsizlik 4,5 foizga tushdi va ichimlik suvi ta’minoti darajasi 92,4 foizga yetkazildi.
Prezident tashrifi doirasida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar, vazifalar esa Andijon viloyatining barqaror iqtisodiy o‘sishi va aholi farovonligi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Farhodbek OTAXONOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.