Mehr-muruvvat va saxovat bayrami
Yurtimizda keng nishonlanadigan bu yilgi Qurbon hayitiga shunday ta’rif berish mumkin. Sababi bayram arafasida davlatimiz rahbarining muborak Qurbon hayitini nishonlashga doir qarori bilan birga hayit munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risidagi qarori ham qabul qilindiki bu hujjat ko‘makka muhtoj, bemor va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilishning navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi.
Qarorga ko‘ra, yurtimizdagi og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolalarda jarrohlik amaliyoti bajariladi, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi hamda ularni davolash choralari ko‘riladi, kamida 350 nafar bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkaziladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, kichik hajmli bolalar uylari hamda “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlari, “Taskin Children’s Hospice” bolalar onkologik shifoxonasida davolanayotgan bolalarning har biriga omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.

Yurtimizdagi 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ularda zamonaviy tahoratxonalar quriladi, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash hamda joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
– 2026-yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon Alimov. – Aslida bu muborak ayyom qalblardagi mehr-muruvvat, saxovat va oqibat tuyg‘ularini namoyon etish, insonlar o‘rtasidagi ahillik va bag‘rikenglikni mustahkamlashning qulay fursatidir.
Qurbon hayiti kunlarida mo‘min-musulmonlar muqaddas dinimizning farzlaridan biri bo‘lgan Haj ibodatini amalga oshiradi. Bu yil viloyatimizdagi 940 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz davlatimizning cheksiz g‘amxo‘rlik va e’tiboridan bahramand bo‘lgan holda ushbu farzni ado etish uchun ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Yana 7 nafar samarqandliklar esa mamlakatimiz bo‘yicha tanlangan 100 nafar baxtli insonlar qatorida “Prezident hojisi” degan loyiha asosida bepul yo‘llanma bilan Haj ibodatini bajarmoqda. Shu kunlarning yana bir e’tiborli jihati o‘tgan hafta davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lajak hojilarimiz yonida bo‘lgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyatini so‘raganlari bo‘ldi.
Yurtboshimizning duo va ezgu tilaklari Makkai mukarrama va Madinai munavvarada bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz qalbida katta mamnuniyat, faxr va cheksiz shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otdi. Aytish mumkinki, bu yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik nafaqat muborak safardagi, balki butun xalqimiz uchun katta ma’naviy quvonch bo‘lib, inson qadri va e’tiqodiga qaratilayotgan ulkan ehtiromning yana bir yorqin namunasidir.
Qurbon hayitining birinchi kuni – 27-may yurtimizda bayram kuni deb e’lon qilindi. Shu kuni Samarqand viloyatidagi 287 masjidda ham Qurbon hayiti namozi o‘qiladi va ayni paytda barcha masjidlarda bu ibodatni munosib tarzda ado etish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Jumladan, Imom Buxoriy majmuasida o‘qiladigan hayit namozida yurtimizning turli hududlari va xorijdan minglab mo‘min-musulmonlar kelishi inobatga olinib, ular uchun zarur sharoit yaratish, xavfsizlik va tartib-intizomni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Samarqand shahridan majmuagacha qo‘shimcha avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha masjidlarda hayit namozidan avval tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
Shu kunlarda viloyatdagi muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, xayriya hasharlari uyushtirilmoqda.
Viloyat bosh imom xatibining qayd etishicha, hayit kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yoziladi hamda ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlari tashkil etiladi. Mahallalarda aholi tomonidan o‘tkaziladigan qurbonlik marosimlarida ham kambag‘al oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarni taklif etish, ularning holidan xabar olishga alohida e’tibor qaratiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri