Mehnat faxriysiga ehtirom
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashiga O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputatlar hamda partiya faollari ichki ishlar organlari faxriysi, 103 yoshni qarshilagan Ahmad Muhsinov xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar oldi.
Ahmad Muhsinov ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan, jasorat va fidoyilik namunasini ko‘rsatgan insonlardan biri. U Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, frontda Vatan himoyasi uchun munosib hissa qo‘shgan. Urushdan so‘ng Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan. Oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagandan keyin bir muddat maktabda tarix fanidan dars berib, yosh avlodni bilim va ma’rifatga chorladi.
Keyinchalik qariyb 20 yillik mehnat faoliyati ichki ishlar organlari tizimida davom etdi. U turli lavozimlarda ishlab, yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qildi. Uning ko‘p yillik samarali mehnati va yuksak jasorati davlatimiz rahbari tomonidan bir necha bor munosib taqdirlangan.

Xonadonda dasturxon atrofida samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Partiya faollari faxriyning hayot yo‘li, matonati va Vatanga sadoqatini alohida e’tirof etib, unga esdalik sovg‘alari topshirdi.
–Bugun biz yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida ulkan hissa qo‘shgan inson holidan xabar olish baxtiga muyassar bo‘ldik, –deydi viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov. –Ahmad ota kabi fidoyi insonlar xalqimiz iftixori, yoshlar uchun haqiqiy ibrat namunasidir. Ularni e’zozlash, holidan xabar olish va hurmat ko‘rsatish nafaqat burchimiz, balki insoniylik mezonidir. Bugungi kunda partiyamiz tomonidan keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotiy tajribasini yoshlarga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar esa avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada mustahkamlaydi.
O‘z navbatida Ahmad Muhsinov ham ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va hurmat uchun minnatdorchilik bildirdi. U yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik abadiy bo‘lishini tilab, duo qildi.
Darhaqiqat, bunday xayrli tashabbuslar jamiyatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksa avlodga hurmat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri