Mehnat faxriylari o‘zaro bahslashdi
Xorazmda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” loyihasi asosida yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarimiz tarbiyasida keksa avlod vakillari tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan nuroniylarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlov doirasida mehnat faxriylari o‘z hududlarida birkitilgan yoshlar bilan samarali ishlarni amalga oshirgan.
– Har birimiz yoshlar kelajagiga mas’ul insonlarmiz, – deydi “Nuroniylar” jamg‘armasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Rustam Sultonov.– Chunki, bizning uzoq yillar davomida orttirgan hayotiy tajribalarimiz, kasbiy mahoratimiz bugun yigit va qizlarga katta ibrat maktabidir. Zero, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan e’lon qilingan yettita muhim milliy dasturning asl mazmun-mohiyati aynan inson manfaatlari, yurt istiqboli, tinchligi va farovonligini o‘zida ifoda etgani bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir.
Ko‘rik-tanlovda tuman (shahar) bosqichida birinchi o‘rinni egallagan nuroniylar uch shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, bog‘otlik Sharofat Xudoyberganova 1-o‘ringa loyiq deb topilgan bo‘lsa, 2- va 3-o‘rinlarga qo‘shko‘pirlik Otaboy Sharipov va hazorasplik Ravshanbek Qo‘chqorovlar munosib ko‘rildi.
– Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-korli, ishli qilishda nuroniylar tajribasi o‘ta muhim, – deydi viloyat bosqichi g‘olibi Sharofat Xudoyberganova. – Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbuslarini haqiqatda o‘zim uchun o‘ta muhim vazifa deb bilaman. Tanlov davomida ishtirokchilarning mazkur yo‘nalishdagi samarali ishlarini ko‘rib, o‘z faoliyatimdagi ijobiy natijalar nuroniylar zimmasida ulkan mas’uliyat borligini yana bir bor isbotladi, deb o‘ylayman. Eng muhimi, kelgusi faoliyatimizda yanada mas’uliyat bilan ishlab, mahalla yoshlariga bosh bo‘lib, ezgu maqsadlarga yetaklaymiz. Bildirilgan ishonchga respublika bosqichida munosib bo‘lishga harakat qilaman.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, barcha ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri