Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar xavfi oldini olish hamisha dolzarb
13-oktabr – Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni
Dunyo miqyosida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar xavfi oldini olish, aholi xabardorligini oshirish hamda jamiyat va davlatlarning tabiatni asrash borasidagi vazifalarni kuchaytirish dolzarb sanaladi. BMT Bosh Assambleyasining 2009-yildagi rezolyutsiyasiga asosan, 13-oktabr – Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni etib belgilangan.
Bugungi kunda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan yurtimizda o‘rmonlarni asrash, yashil hududlarni kengaytirish borasida samarali ishlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, o‘rmonlarda favqulodda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shuningdek, joriy yil mobaynida O‘rmon agentligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda yoz faslining anomal issiq kunlarida o‘rmonlarni muhofaza qilish hamda yong‘in holatlarining oldini olish bo‘yicha hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklarida 60 marotaba maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Bu esa tabiiy ofatlarning oldini olish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlashda asosiy omil sanaladi.
O‘rmon agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Himoya o‘rmonlarini barpo etish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, ayniqsa, Orolbo‘yi hududida yashil qoplamalar tashkil etish borasidagi ishlar mamlakatimizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qum va chang bo‘ronlarining oldini olishga xizmat qiladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA