“Maxsus surishtiruv xonasi” ochildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida zamonaviy talablar asosida jihozlangan “Maxsus surishtiruv xonasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ushbu maxsus xonani ko‘zdan kechirib, unda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy texnik jihozlar va protsessual harakatlarni qonunchilik talablari asosida samarali tashkil etish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Ta’kidlanganidek, yangi tashkil etilgan maxsus surishtiruv xonasi, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv jarayonlarini zamonaviy texnik imkoniyatlar asosida o‘tkazish, protsessual harakatlarni belgilangan tartibda qayd etish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu xonada so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish, shuningdek, video-konferens-aloqa orqali masofaviy tergov harakatlarini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Zamonaviy infratuzilmaning foydalanishga topshirilishi bojxona organlarida protsessual harakatlarni samarali tashkil etish, surishtiruv jarayonlarini zamonaviy talablar asosida olib borish hamda fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida huquqbuzarliklarga qarshi kurash sohasidagi natijalari ham ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, hisobot davrida 637 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qariyb 22 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar ushlab qolingan. E’tiborlisi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan huquqbuzarliklar soni 133 taga ko‘paygan bo‘lsa, ushlab qolingan tovarlarning umumiy qiymati 5 milliard 652 million so‘mga oshgan.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbari tashabbusi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, unda barcha tergov va surishtiruv organlarining so‘roq jarayonlarini stenografiya qilish, videokuzatuv, audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlash vazifasi belgilangan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri