Maxsus pedagoglar kasb mahorati sinovi
Samarqandda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar o‘rtasida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Inklyuziv ta’lim sifatini oshirish, maxsus pedagoglarning kasbiy mahoratini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or ish tajribalarini aniqlash va ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan maxsus pedagoglar ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilari uch shart — amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulot,
“Mening pedagogik faoliyatim” mavzusidagi taqdimot, kasbiy bilim va kompetensiyalar sinovi (savol-javob) bo‘yicha bellashdi.
[gallery-29679]
- Bugungi kunda viloyatimizdagi 216 ta umumta’lim maktabining 266 ta inklyuziv ta’lim sinflarida 370 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar ta’lim olmoqda, - deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Samandar O‘tamurodov. - Ular bilan 241 nafar maxsus pedagog tomonidan korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Mazkur tanlov inklyuziv ta’lim tizimida mehnat qilayotgan pedagoglarning mehnatini e’tirof etish, ularning professional salohiyatini namoyon qilish, shuningdek, ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, viloyat bosqichi g‘olibligi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 51-umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Maftuna Abdurahmonovaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Toyloq tumanidagi 5-umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Sabina Nomozova, uchinchi o‘rinni esa Payariq tumanidagi 80-umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Shukrona Ro‘ziqulova qo‘lga kiritdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari