Mavsumiy xavflar, zamonaviy tibbiyot yutuqlari va meningitga qarshi global kurash strategiyasi
Tibbiy madaniyat
Har qanday sog‘lom va barqaror jamiyatda eng muhim omillardan biri aholining tibbiy madaniyati, kasalliklarning oldini olish borasidagi hushyorligi va o‘z vaqtida ko‘rilgan profilaktik choralar hisoblanadi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumi kirib kelishi, havo haroratining pasayishi va binolarning ichki qismida odamlarning zich to‘planishi sharoitida o‘tkir yuqumli xastaliklar, jumladan, asab tizimining og‘ir shikastlanishlari bilan kechuvchi infeksiyalar faollashishi kuzatiladi. Tibbiy kuzatuvlarga, sovuq kunlarda nafas yo‘llarining himoya to‘siqlari zaiflashishi va maktablar, bog‘chalar hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayonlarining boshlanishi meningit kabi havo-tomchi orqali yuquvchi xavfli infeksiyalarning tarqalish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi.
Mazkur xastalikning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u biror bir yagona qo‘zg‘atuvchiga ega emas, balki viruslar, bakteriyalar va o‘ta kam hollarda zamburug‘lar kabi turli infeksiyalar asorati sifatida kutilmaganda va shiddat bilan rivojlanishi mumkin. Ayniqsa, bakterial turlarining juda qisqa fursat ichida organizmni izdan chiqarishi xavfi mavjudligi bois, jamoatchilikning ilk alomatlardan xabardor bo‘lishi va kechiktirmasdan mutaxassislarga murojaat qilishi hayotni saqlab qoluvchi hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi epidemiologiya mutaxassislarining global tahlillariga ko‘ra, dunyo miqyosida har yillik bakterial meningit holatlari yuz minglab insonlarning hayotiga xavf soladi. So‘nggi yillardagi statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslaganda tibbiyot tizimigacha bo‘lgan davrlarda ba’zi o‘ta xavfli meningokokk shtammlarida o‘lim ko‘rsatkichi 50 foizdan ham oshib ketishi mumkin edi. Biroq, zamonaviy antibiotikoterapiya, reanimatsiya va intensiv terapiya standartlarining joriy etilishi natijasida rivojlangan davlatlarda umumiy o‘lim ko‘rsatkichi 10-15 foiz atrofigacha kamaytirildi. Shunga qaramay, kasallikka chalingan bemorlarning uchdan bir qismida eshitish qobiliyatining pasayishi, nevrologik asoratlar yoki boshqa jiddiy sog‘liq muammolari saqlanib qolishi mumkinligi bu xastalik naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ham sog‘liqni saqlash tizimining izchil rivojlantirilishi, epidemiologik nazoratning kuchaytirilishi va aholini o‘z vaqtida emlash chora-tadbirlari ushbu xavfli ko‘rsatkichlarni keskin pasaytirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 174 kishi meningokokk infeksiyasi bilan ro‘yxatga olingan. Ulardan 168 nafari — bolalar. Aholi, ayniqsa, bolalar orasida ushbu infeksiya keng tarqalishini oldini olish maqsadida 8024 doza vaksina xarid qilinib, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan besh mingdan nafar fuqarolar emlash bilan qamrab olingan.
Kasallikning dastlabki bosqichida kuzatiladigan yuqori isitma, kuchli va odatdagidan keskin farq qiladigan bosh og‘rig‘i, qayta-qayta qusish, yorug‘likka nisbatan o‘ta sezuvchanlik, kuchli uyquchanlik yoki aksincha, bezovtalik, shuningdek, boshni oldinga egishdagi mexanik qiyinchilik hamda teridagi ko‘karishga o‘xshash to‘q rangli toshmalar kabi belgilar zudlik bilan shifokor ko‘rigini talab etadi. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarda ovqatdan qat’iyan bosh tortish, o‘ta tinimsiz va farqli yig‘lash, haddan tashqari holsizlik yoki boshni orqaga tashlab turish holatlari kuzatilsa, ota-onalar hech qanday ichki gumonlar yoki vaqt o‘tishini kutish bilan cheklanmasdan darhol tibbiy yordamga tayanishlari shart. Agar ta’lim muassasasi yoki bolalar bog‘chasi guruhida biror kishida shubhali holatlar qayd etilsa, jamoaviy tarzda profilaktik choralarni ko‘rish, kasallik alomatlarining paydo bo‘lishini kutib o‘tirmasdan zudlik bilan shifokorga xabar berish zarurligi epidemiologik xavfsizlikning asosiy talabidir.
Zamonaviy tibbiyot fani va farmakologiyaning eng buyuk yutuqlaridan biri, insoniyatni o‘limdan va og‘ir asoratlardan saqlab qoluvchi yuqori samarali vaksinalardir. Innovatsion immunologiya tufayli ishlab chiqilgan pnevmakok vaksinasi (hayotning 2, 3 va 12 oyliklarida), besh yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun hayotni saqlab qoluvchi Hib vaksinasi hamda meningokokk infeksiyasiga qarshi maxsus preparatlar global miqyosda millionlab insonlarning hayotini saqlab qolmoqda. Shuningdek, epidemiologik ko‘rsatmalarga ko‘ra, xavfli o‘choqlarda bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan shaxslarga zamonaviy antibiotiklar vositasida kimyoviy profilaktika o‘tkazilishi kasallikning keyingi tarqalishini 100 foizga yaqin to‘xtatish imkonini beradi.
Mutaxassislarning eslatishicha, butunlay barcha turdagi qo‘zg‘atuvchilardan bir vaqtning o‘zida himoya qiluvchi yagona vaksina mavjud emas. Shuning uchun himoya asosiy infeksiyalarga qarshi kompleks emlashlar tizimi orqali amalga oshiriladi. Bolalar, o‘smirlar, talabalar, yotoqxona sharoitida yashovchi shaxslar, surunkali xastaliklarga chalinganlar hamda immuniteti pasaygan insonlarning sovuq mavsum oldidan o‘z vaqtida emlanishi o‘zi va atrofidagilarning ham xavfsizligini ta’minlashning eng ishonchli kafolatidir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA