Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks sayyohlik poyezdi loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston turizm industriyasi uchun tarixiy va yirik qadam tashlandi. Mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks klassdagi sayyohlik poyezdi – “Samarkand Ekspress” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi.
Ushbu strategik hujjatni Italiyaning mashhur “Arsenale International” kompaniyasi bosh direktori Raffayel Breski, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov tantanali ravishda imzoladi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning amaliy natijasi. Loyiha doirasida mahalliy temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mamlakatning betakror madaniy merosini dunyoga keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
Yangi hashamatli poyezd O‘zbekistonning qadimiy va navqiron shaharlari — Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani yagona temir yo‘l tarmog‘i orqali bog‘laydi. Bu xalqaro sayyohlar uchun Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy yo‘nalishlari va betakror me’morchilik obidalari bilan shinam, yuqori servis va hashamatli muhitda tanishish imkoniyatini yaratadi.

“Samarkand Ekspress” poyezdi o‘zida zamonaviy italyan dizayni va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish an’analarini mujassam etadi. Shu bilan birga, loyihaning eng muhim jihatlaridan biri — poyezd intereri va jihozlarida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy hunarmandchilik namunalari va an’anaviy naqshlari aks ettiriladi. Bu esa xorijlik mehmonlarga harakatlanish davomida ham yurtimiz madaniyatini chuqur his qilish imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida yuqori darajali mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan mahalliy kadrlarni tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va temir yo‘l turizmi sohasida xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ushbu loyiha nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida temir yo‘l kruizlari sohasida yangi davrni boshlab beradi va mamlakatimizning global turizm bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi. Poyezdning ilk reysi tez orada yo‘lga chiqishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA