Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan korxona
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan zavod faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, yangi loyihalar, ishchilarga yaratilayotgan sharoitlar va davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.
So‘ng matbuot anjumani tashkil etildi.
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi 2006 yilda Qo‘ng‘irot tumani hududidagi Ustyurt tekisligida qurilib, ishga tushirildi. Zavodni qurishdan maqsad, mahalliy xom ashyoni kompleks qayta ishlashga jalb qilish va bu orqali import o‘rnini bosadigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, xalq xo‘jaligi tarmoqlarining kalsinatsiyalangan sodaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hisoblangan.
Davlatimiz rahbarining 2012 yil 16 noyabrdagi qarori asosida Qo‘ng‘irot soda zavodining kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan 200 ming tonnaga yetkazish loyihasi amalga oshirildi. Loyiha bo‘yicha Jamansoy ohak toshi kareri quvvatini yiliga 240 ming tonnadan 400 ming tonnaga, Barsakelmes tuz koni quvvati yiliga 330 ming tonnadan 470 ming tonnagacha kengaytirildi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, jami 1800 ga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlanishiga erishildi. Korxona xodimlarining ish vaqtidan unumli foydalanish uchun 2021 yil iyul oyidan boshlab barcha xodimlarga 3 smenada bepul issiq ovqat berish yo‘lga qo‘yildi.
Zavodda kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish jarayoni an’anaviy Solve uslubida amalga oshiriladi. Jarayonning o‘ziga xos farqi ohak toshni koks yoki ko‘mir bilan emas, balki tabiiy gaz bilan kuydirish hisoblanadi.
[gallery-7688]
Texnologik ob’ektlarni qurish Xitoyning “CITIC” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirildi. 2016 yilning avgust oyida loyiha bo‘yicha qurilish ishlari yakunlanib, Qo‘ng‘irot soda zavodining kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish quvvati yiliga 200 ming tonnaga yetkazildi. Zavod ishlab chiqarish quvvati oshirilganidan keyin, oxirgi besh yil ichida 1 million tonnadan ortiq kalsinatsiyalangan soda mahsuloti ishlab chiqarilib, shundan 300 ming tonnadan ortig‘i eksportga va 700 ming tonna mahsulot ichki bozorga sotilishiga erishildi.
Korxona tomonidan o‘tgan yilga kalsinatsiyalangan sodani sotishga belgilangan reja ortig‘i bilan bajarilib, ichki bozorga 411,6 milliard so‘mlik 138,7 ming tonna mahsulot, eksportga esa 6,2 million AQSH dollarilik 35,2 ming tonna maxsulot sotildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida korxona “Uz-Kor Gaz Chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda yiliga 20,6 ming kub.metr atmosferani ifloslantiruvchi karbonat angidrid (98-99%) tashlama gazlarini qayta ishlash loyihasi ishga tushirildi. Mazkur loyiha korxona ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirib, yiliga qo‘shimcha 10 ming tonnaga yaqin kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, loyihani ishga tushirish natijasida texnologik jarayonlardagi karbonat angidrid gazi miqdori 40 foizgacha yetkazilib, mazkur omil texnologik jarayonlarning yaxshilanishi, asosiy uskunalarning barqaror ishlashini ta’minlashga hamda xom ashyolar sarfining kamayishiga imkon yaratadi.
2021 yil 7 dekabr kuni osh tuzi ishlab chiqarish sexi qaytadan ishga tushirildi. Shuning natijasida 12 kishini ish bilan ta’minlashga, oyiga 850 tonnagacha tozalangan maydalangan osh tuzi ishlab chiqarish va xaridorlarga yetkazib berishga erishildi.
– bugungi kunda 2022-2025 yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 450 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi, – deydi bosh direktor o‘rinbosari Sh.Yuldashev. – Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida korxonada ishlab chiqarish quvvatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun tender o‘tkazilib, uning yakuniga ko‘ra Rossiyaning “Salyus” kompaniyasi g‘olib, deb topildi. Hozirda loyiha qurilish maydonining topografik rasmlari va koordinatalari bosh pudratchiga taqdim qilinib, qurilish maydoni gidrogeologiya ishlari yakuniga yetkazildi. Umumiy qiymati 190 million AQSH dollari bo‘lgan loyihaning ishga tushirilishi bilan korxonada ishlab chiqarish ko‘lami kengayishi, sof foydaning oshishi, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, o‘z navbatida ishchilar uchun yangi turar joy binolari, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, avtomobil yo‘llari qurilib, aholi ish va uy-joy bilan ta’minlanadi.
Qo‘ng‘irot tumani “Elobod” shaharchasida zamonaviy tipdagi 5 qavatli 20 ta uy-joydan iborat “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur massivda ko‘p qavatli uylardan tashqari, bog‘cha, maktab, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, bozor infratuzilmasi va ijtimoiy soha ob’ektlari xam o‘z o‘rnini topadi. Massiv bosh loyihasiga muvofiq, shaharcha uchun fuqarolar yig‘ini hududidan jami 200 gektar yer maydoni ajratiladi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan qishloq vrachlik punkti, mahalla idorasi qad ko‘taradi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA